21:49 / 16.02.2021
3955

O‘zbekiston Savdoni soddalashtirish global dasturiga a'zo bo‘ldi

Davlat bojxona qo‘mitasida Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Olivre Shav bilan ushrashuv o‘tkazildi. Qo‘mita xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston tarixida ilk bor Savdoni soddalashtirish global dasturiga a'zo bo‘lish bo‘yicha rasmiy hujjatlar imzolangan.

Foto Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Mazkur dastur Jahon bojxona tashkiloti tomonidan tashqi savdo sohasida rivojlanayotgan davlatlar faoliyatini xalqaro savdo sohasidagi standartlarga muvofiqlashtirish hamda eksport, import va tijorat tovarlarining harakatlanishi sohasidagi tajribalarini oshirishga qaratilgan. Dasturni Shveytsariya Konfederatsiyasi moliyalashtiradi.

Jahon bojxona tashkiloti bosh kotibi Kunio Mikuria 2019 yilning mart va noyabr oylarida O‘zbekistonga tashriflari davomida o‘tkazilgan muzokaralarda Savdoni soddalashtirish global dasturiga a'zo bo‘lish taklifini bildirgan edi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston 2020 yilda tashqi savdo sohasida xalqaro darajada e'tirof etilgan hujjatlar – savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto Konvensiyasi va vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul Konvensiyasiga qo‘shilgan.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati 2021 yilning 1 iyuniga qadar Yevropa Ittifoqi bozorlariga 3000ga yaqin mahsulotlarni bojxona to‘lovlarisiz, 3200 turdagi mahsulotlarni esa pasaytirilgan stavkalar bo‘yicha eksport qilish imkoniyatini beruvchi GSP+ tizimiga doir imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha dastur ishlab chiqishi ma'lum qilingandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda 5200ta yangi standartlarni joriy etish, 1723ta milliy standartlarni va 12ta texnik reglamentni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.

Top