15:24 / 16.02.2021
4102

Server Osmanov Samarqand viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi

Bugun, 16 fevral kuni «Dinamo» markaziy stadioni matbuot anjumanlar zalida O‘FA rahbariyati a'zolari, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat sport boshqarmasi rahbari va futbol jamoatchiligi ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi «Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda, qaror ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatda qanday ishlar bajarilgani, Samarqandda futbolni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qanday choralar qo‘llanilayotgani haqida gap bordi.

Bu borada viloyat hokimining o‘rinbosari Botir Nurullayev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti maslahatchisi Rahmiddin Zikriyoyev, viloyat sport boshqarmasi rahbari Shuhrat Ro‘ziyev va futbol faxriylari o‘z fikrlarini bildirishdi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Bunga qadar ko‘p yillarda buyon «Dinamo» sport jamiyati Samarqand viloyat kengashi hamda «Dinamo» markaziy stadioni rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan Server Osmonov Samarqand viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib tayinlandi. O‘FA vakillari yangi rahbarga ishonch bildirib, hududiy federatsiyaga zarur texnik anjomlarni topshirishdi. 

«Avvalo, bildirilgan ishonch uchun Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov va O‘FA rahbariyatiga, xususan Rahmiddin Egamberdiyevichga minnatdorchilik bildiraman. Bu juda mas'uliyatli vazifa ekanligini yaxshi anglab turibman. Eng avvalo, katta tarix va o‘z an'analariga ega bo‘lgan Samarqand futbolining avvalgi shon-shuhratini tiklashimiz kerak. Buni nafaqat biz, barcha muxlislar ham kutmoqda. Ko‘hna shahrimiz va viloyat bo‘ylab futbol o‘yini har bir mahallagacha kirib borishi shart. Millionlar o‘yini nomiga yarasha – barcha futbol bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim», - deydi Server Osmanov Tribuna.uz muxbiri bilan suhbatda.

Top