13:32 / 19.02.2021
16928

O‘zbekiston aholisini dam olish kunlari yomg‘irli ob-havo kutmoqda

Dam olish kunlari respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ba'zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kamroq. Havo harorati kechalari 2-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 8-13 daraja iliqqacha pasayadi.

Foto: KUN.UZ

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, ushbu haftada mamlakatning barcha hududlarida havo harorati fevral oyining ikkinchi yarmi uchun me'yoriy qiymatlaridan 13-17 darajaga yuqori bo‘lgan juda iliq bahoriy ob-havo kuzatildi. 16 fevraldan 18 fevralgacha bo‘lgan davrda maksimal harorat ba'zi joylarda shu kunlarning ko‘p yillik rekordidan oshdi.

Kecha kunduz kuni havo 25-28 darajagacha, janubda 30-32 darajagacha isidi. Bu meteorologik kuzatuvlarning butun davri davomida 18 fevral kuni uchun eng yuqori harorat qiymatlaridir.

Bugun ob-havo o‘zgara boshladi, osmonni zich bulutlar qopladi, shimoli-g‘arbiy hududlarda qorga aylanadigan yomg‘irlar boshlandi. Ob-havo o‘zgarishiga bugun mamlakatga Kavkaz hududlaridan kirib kelayotgan sovuq va nam antitsiklon sababchidir.

Kun davomida respublikaning barcha hududlarida ba'zi joylarda yomg‘ir, shimolda qor yog‘adi. Faqat Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lishi ehtimoli kamroq. Ba'zi joylarda shamol 17-22 m/s gacha, ba'zida esa 25-30 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati 15-20 daraja iliq atrofida bo‘ladi, shimolda 0-5 daraja iliqdan oshmaydi.

Dam olish kunlari antitsiklon ta'siri saqlanib turadi, respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba'zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechalari 2-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 8-13 daraja iliqqacha pasayadi. O‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati me'yorga yaqinlashadi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.

Mavzuga oid
Top