12:28 / 23.02.2021
13119

JK loyihasida bir qator jinoyatlarni chiqarib tashlash va ayrim harakatlar uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda

Jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida bir qator jinoyatlar dekriminalizatsiya qilinmoqda, ayrim harakatlar uchun esa yangi jinoiy javobgarliklar joriy qilinmoqda.

Loyihada quyidagi jinoyatlarni dekriminalizatsiya qilish (jinoyatlar safidan chiqarib tashlash) nazarda tutilmoqda:

  • soxta tadbirkorlik (179-modda);
  • raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (183-modda);
  • savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (189-modda);
  • qonunga xilof ravishda axborot to‘plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish (191-modda);
  • raqobatchini obro‘sizlantirish (192-modda);
  • diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (216-2-modda);
  • jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik (221-modda);
  • harbiy yoki muqobil xizmatdan bo‘yin tovlash (225-modda);
  • diniy ta'limotdan saboq berish tartibini buzish (229-2-modda);
  • diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish (244-3-modda).

Kodeks loyihasida bir qator harakatlar uchun jinoiy javobgarlik joriy etish belgilanmoqda.

Insonda noqonuniy tajriba o‘tkazish
Insonni uning (qonuniy vakilining) yozma roziligisiz obekt sifatida jalb etib yoki boshqacha tartibda noqonuniy ravishda unda dori vositalarining tibbiy sinovini yoki biologik-tibbiy, psixologik yoki boshqacha usulda sog‘liqqa og‘ir ziyon yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tajriba yoxud tadqiqot o‘tkazganlik javobgarlik nazarda tutilmoqda.

G‘ayriqonuniy ravishda psixiatriya muassasasiga joylashtirish;
O‘zboshimchalik bilan jazolash;

Ushbu jinoyat muayyan qilmishni sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilingan shaxsni o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida unga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazishda namoyon bo‘ladi.

Mitinglar, yig‘ilishlar yoki namoyishlar tashkil etish, o‘tkazishga yoki ularda ishtirok etishga g‘ayriqonuniy qarshilik qilish
Ushbu jinoyat mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar va boshqa qonuniy tadbirlarni tashkil etish, o‘tkazishga yoki ularda ishtirok etishga g‘ayriqonuniy qarshilik qilish yoki ularda ishtirok etishga majbur etish xizmat mavqeyidan foydalangan holda yoki zo‘rlik ishlatib, aldab, qo‘rqitib yoxud boshqa g‘ayriqonuniy usullar bilan sodir etishni nazarda tutmoqda.

Shantaj
O‘zgadan nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan harakatni sodir etishga yoki sodir etishdan o‘zini tiyishga majbur qilish maqsadida jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitish shantaj sifatida baholanmoqda.

Insayderlik ma'lumotlari bo‘yicha g‘ayriqonuniy harakatlarni amalga oshirish
Loyihada qasddan insayderlik ma'lumotlarini qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha shartnoma tuzishda yoki qasddan insayderlik ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga berish yoki insayderlik ma'lumotlaridan g‘ayriqonuniy tanishish imkoniyatini berish, shuningdek, insayderlik ma'lumotlariga asoslangan holda qasddan uchinchi shaxslarga qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha shartnoma tuzish haqida tavsiyalar berish, agar ushbu harakatlar fuqaroga, tashkilotga yoki davlatga ko‘p miqdordagi zarar yetkazgan bo‘lsa, ushbu harakatni jinoyat sifatida e'tirof etish taklif qilinmoqda.

Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining mansab soxtakorligi
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkilot mansabdor shaxsining g‘arazgo‘ylik yoki boshqa manfaatlarni ko‘zlab rasmiy hujjatlarga bila turib soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, shuningdek, elektron hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritish, elektron tizimlardan foydalangan holda soxta hujjatning nusxasini taqdim etishi yuqoridagi jinoyatning ta'rifi sifatida keltirilmoqda.

Ota yoki onaning o‘z chaqalog‘ini sotishi
Odam savdosi (odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish) bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ota yoki onaning o‘z bolasini moddiy manfaatdorlik evaziga sotishi uchun ham javobgarlik qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish
Jurnalistni axborotni tarqatishga yoki tarqatmaslikka majburlash maqsadida o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib jurnalistga yoxud uning yaqin qarindoshiga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitganlik jurnalistning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish deya ta'riflanmoqda.

Noqonuniy boyish
Davlat xizmatchisining daromad va mol-mulk deklaratsiyasida nazarda tutilganidan ortiq pul mablag‘lari yoki mol-mulkka noqonuniy ega bo‘lishi yoki shunday mulkni orttirishi ancha miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, ushbu modda bo‘yicha javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.

Top