20:37 / 25.02.2021
28419

Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti: Jizzaxdan Qarshiga ko‘chirilgan oliygohga safar

Ko‘pchilik bolalikdan uchuvchi bo‘lishni orzu qiladi. Bu sharafli kasbga munosib bo‘lish esa hammaga ham nasib qilavermaydi. Xuddi shunday, harbiy uchuvchi bo‘lish uchun ham uzoq vaqt tayyorgarlik talab etiladi.

Qarshi-Xonobod aerodromiga safarimiz chog‘ida, Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ham bo‘lib, yosh kursantlar bilan suhbatlashdik. Ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.

Xonobod aerodromiga Toshkentdan, O‘zbekiston havo kuchlariga qarashli samolyotda yo‘lga chiqdik. Mudofaa vazirligi tashkil etgan press-tur ishtirokchilari bilan birga, bir yarim soatda manzilga yetib bordik.

Xonobod aerodromiga qo‘nishimiz bilan yosh kursantlarning uchishga tayyorgarlik ko‘rayotganiga guvoh bo‘ldik. 5-kurs kursanti Bekpo‘lat Boqijonov o‘zi uchmoqchi bo‘lib turgan L-39 «Albatros» harbiy o‘quv samolyoti bilan tanishtirdi.

«3 yildan beri samolyotda uchib kelaman. Hozirda L-39 qiruvchi harbiy o‘quv samolyotida o‘z parvozlarimni amalga oshirib kelyapman.

L-39 jangovar vazifalarni bajaradi. Bugun tayyorgarlik jarayoni. Ertadan o‘q otish mashqlariga tayyorlanamiz. Uchishdan oldin himoya shlemini kiyamiz, bu himoya vazifasini o‘tash bilan birga, radioaloqani ham ta'minlaydi.

4 km.dan balandda parvoz qilamiz. Bu balandlikda kislorod kamligi uchun kislorod ballonidan nafas olamiz.

L-39 harbiy samolyoti ancha tez uchadi. Reaktiv dvigateli bitta bo‘lishiga qaramay, quvvati ancha baland: maksimal tezligi soatiga 900 km. 12 km balandlikka ko‘tarila oladi. Sizlar Toshkentdan Xonobodgacha bir yarim soatda kelgan bo‘lsanglar, bu samolyotda 40 minutda yetib boradi. Yoqilg‘isi 2,5 soatga yetadi. 1,5 tonna yoqilg‘ini o‘ziga oladi.

1cmb3VxdPjBOytNs-QRArDBvE_QFqDtH.jpg (1280×853)

Uchuvchi birinchi o‘rinda sog‘lom bo‘lishi kerak. Shuningdek, tez fikrlashi, favqulodda qarorlar qabul qila olishi zarur. Samolyot qancha tez uchsa, uchuvchi ham shunday tez fikrlashi kerak bo‘ladi.

Uchuvchilar har qanday vaziyatga tayyor bo‘lishi kerak. Eng qiyini – ko‘tarilish va qo‘nish. Chunki ob-havo va shamol sizga halaqit qilishi mumkin», – deydi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 5-bosqich kursanti Bekpo‘lat Boqijonov.

Afsuski, kuchli shamol tinavermagach, kursantlarning rejalashtirilgan parvozi amalga oshmay qoldi.

Shundan so‘ng samolyot va vertolyot trenajyorlari bilan tanishdik. Trenajyorlar Mi-8MT, Mi-24 vertolyotlari va harbiy samolyotlarida dastlabki uchish ko‘nikmalarini o‘rganish uchun mo‘ljallangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28-30 yanvar kunlari Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromiga tashrif buyurgan. Bosh qo‘mondon harbiy uchuvchilar tayyorlash, ularning amaliy mashg‘ulotlar olib borishida obektning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida 1994 yilda asos solingan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini Qarshi shahrida qayta tashkil etish taklifini bergan.

Shundan so‘ng Qarshi serjantlar tayyorlash maktabi negizida Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etilib, ajratilgan 73 milliard so‘m evaziga o‘quv korpusi va yordamchi binolar zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, yangi trenajyorlar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.

Muassasa havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi.

O‘zbekiston havo sarhadlarini qo‘riqlaydigan bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlovchi maskanga qisqa safarimiz shu tariqa yakun topdi. Yosh kursantlarga kelgusidagi faoliyatlarida omad va sidqidildan xizmat qilishlarini tilab qolamiz.

Top