08:11 / 26.02.2021
3127

Maxsus komissiya xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazishga ruxsat berdi

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan, joriy yilning 20 fevralidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda, sanitariya-epidemiologiya me'yorlari va qoidalari talablariga qat'iy muvofiq ravishda O‘zbekiston hududida xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazishga ruxsat etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarni tashkil etish doirasida quyidagi talablar belgilangan:

  • tashkilotchi respublika hududida sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda tashkil etilayotgan tadbirlarning barcha bosqichlarida epidemiologik tartiblarga rioya etilishi ustidan nazoratni ta'minlashi shart;
  • barcha tadbir ishtirokchilaridan himoya niqobi yoki respirator taqishlari talab qilinadi;
  • tadbirga kirishda barcha ishtirokchilar pirometrlar yordamida haroratni o‘lchash jarayonidan o‘tishi talab etiladi, yuqori harorat yoki yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan shaxslarga tadbirda qatnashishga ruxsat berilmaydi;
  • ekspozitsiyalar orasidagi masofa kengligi kamida 3 metr bo‘lishi kerak;
  • tadbir o‘tkazish joylarida shamollatish tizimlari kirayotgan havoning chiqayotganidan ustunligini ta'minlashi kerak.

Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning 23 martdagi "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq respublikada barcha turdagi ommaviy tadbirlar to‘xtatilgan edi.

Top