17:35 / 26.02.2021
32745

O‘zbekistonlik dehqon va fermerlar fevral oxiridagi qor mevalar hosiliga qanday ta'sir ko‘rsatishini baholashdi

Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi dehqonlar, fermerlar va mutaxassislar bodom, o‘rik va gilos mevalarining hosilini yo‘qotish xavfi qandayligi to‘g‘risida fikrlarini bildirishdi.

Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshidan Markaziy Osiyo mintaqasida kuzatilgan iliq ob-havo tabiat juda erta uyg‘onishiga va ayrim daraxtlar gullashiga olib keldi. O‘zbekistonning janubiy va markaziy qismlarida bahor bir necha hafta oldin boshlandi hamda bodom, o‘rik va gilos daraxtlari to‘laligicha gulladi.

EastFruit mutaxassislari Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi paxtakorlar, fermerlar va mutaxassislar bilan kelajakdagi bodom, o‘rik va gilos mevalarining hosilni yo‘qotish xavfi qanday ekanligi to‘g‘risida suhbatlashdi. Shuni ta'kidlash kerakki, bu hududlar respublikada yetishtiriladigan meva va rezavorlarning deyarli 70 foizini beradi.

Farg‘ona viloyati Quvasoy tumanida yashovchi fermer Nizom Akbarov asosan o‘rik mevasidagi katta yo‘qotishlardan xavotirda.

«Mening bog‘imda asosan uchta turdagi mevalar yetishtiriladi: gilos, shaftoli va olma. Bizning hududimizda birorta daraxt ham gul ochmagan, ammo kurtaklari allaqachon pishgan va endi gullash arafasida.

Sovuq ob-havo natijasida o‘rik daraxti hosilini yo‘qotish ehtimoli yuqori, chunki bu daraxt tabiatan ancha zaif hisoblanadi. Gilos daraxti sovuqqa nisbatan chidamliroq bo‘lsa-da, past haroratda bu meva hosilida ham yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin.

Esimda, 2013 va 2014 yillarda qor yog‘ishi va kuchli sovuq bo‘lishi natijasida gilos hosilining 35 foizidan ortig‘i nobud bo‘lgandi», – dedi Nizom Akbarov.

Buxoro davlat universiteti dotsenti, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti mutaxassisi Mahmud Oripov kuzatilayotgan sovuq havodan tosh mevali daraxtlar hosili yo‘qolishi ushbu mevalarning xilma-xilligi va turiga qarab 30 foizdan 80 foizgacha bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

«Fevral oyida havoning nihoyatda iliq kelishi natijasida Buxoroda bodom va o‘rikning ayrim navlari to‘liq gullaganini kuzatdik. Shuningdek, gilos va olxo‘ri gullash holatiga kelgandi. Kuzatilayotgan sovuq ob-havo natijasida yo‘qotishlar jiddiy bo‘lishi mumkin. Bunda  mevalarning turidan kelib chiqib quyidagilarni aytishim mumkin: bodom hosilining 55-60 foizi, allaqachon gullagan o‘rik navlarida 70-80 foiz, hali gullamagan boshqa o‘rik navlarida 30-35 foiz, olxo‘ri hosilining 35-40 foizi nobud bo‘lish ehtimoli juda katta», –  deya ta'kidlaydi mutaxassis.

Samarqand viloyati Payariq tumanidan bo‘lgan dehqon Ilhom Jo‘rayev ham holat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi: «Bizning hududda allaqachon bodom va o‘riklar to‘liq gullagan. Bodomni sovuq havoga ancha chidamli deb hisoblash mumkin, ammo o‘rik hosilining 70-80 foizini yo‘qotdik».

Samarqand viloyatining tog‘li hududlarga yaqin joylashgan boshqa tumanlaridagi dehqonlardan intervyu olinganda mevali daraxtlar hali to‘liq gul ochmagani haqida xabar berishgan.

Surxondaryolik fermer Gulpari Bozorova kuzatilayotgan sovuq ob-havo nafaqat yuqorida sanab o‘tilgan mevalar, balki uzum hosiliga ham jiddiy zarar yetkazishini aytib o‘tdi.

«Bizda allaqachon o‘rik, bodom, gilos va yapon behisi to‘liq gullagan. O‘rik, gilos, olma (ertapishari) va behi hosili katta xavf ostida qolmoqda. Shuningdek, sovuq ob-havo uzum hosiliga ham jiddiy ziyon yetkazadi, chunki Surxondaryoda uzum butalari qishda ko‘milmaydi. Ular ochiq joyda qishlaydi. Joriy yilning yanvari oxirida boshlangan g‘ayritabiiy isish uzumzorlarning bevaqt uyg‘onishiga olib keldi. Endi biz hosilning bir qismini yo‘qotishimiz mumkinligidan xavotirdamiz», degan u.

Ma'lumot uchun, 2017-2019 yillarda O‘zbekistonda o‘rik yetishtirish hajmi nisbatan barqaror bo‘lib, o‘zgarishlar 10 foiz (+/-) atrofida bo‘lgan. Ushbu davrda gilos yetishtirish 39,3 foizga, bodom yetishtirish esa 5 baravarga oshgan. Hozirda kuzatilayotgan ob-havo yuqoridagi mevalarni yetishtirish hajmi va narxiga qanday ta'sir qilishini oldindan aytish qiyin.

Top