18:56 / 27.02.2021
36114

«Haqiqiy san'at sotilmaydi» - dublyajda rol ijro etmaganiga 20 yildan oshgan Mukambar Rahimova AQShga ketgani, sifati tushgan dublyaj va «Mehr bulog‘i» haqida

Toshkent teatr va rassomlik institutining aktyorlik, so‘ngra rejissyorlik yo‘nalishini bitirgan Mukambar Rahimova go‘zal ovozi, yuqori mahorati, chuqur dramatik va satirik obrazlari bilan dublyaj olamida shuhrat qozongan.

Foto: YouTube/UzreportTV

Tajribali aktrisa Mukambar Rahimova Uzreport telekanaliga bergan intervyusida san'at yo‘liga kirib kelishi, aktrisalik qiyinchiliklari, dublyajdagi oltin davrlar va bugungi ahvol, 20 yil avval AQShga ketgani va hozirda olib borayotgan ishlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Maktabda o‘qib yurgan kezlarim dublyaj studiyasiga borganman»

Dadam asli harbiy bo‘lsa ham san'atkorlar bilan do‘st tutingan edi, bolaligimda biznikiga san'atkorlar kelib-ketib yurgan, bundan tashqari, dadam yaxshigina dutor chertardi va shu sabab bo‘lsa kerak san'atga qiziqdim.

Hali maktabda o‘qib yurgan kezlarim dublyaj studiyasiga borganman. Albatta, buni ota-otam bilmasdi, keyinchalik xabar topishdi-yu, lekin meni bu yo‘ldan qaytarishmadi, balki ularga bu unchalik ham yomon kasb emasligini tushuntirishgandir.

Doim so‘rashadiki, nega teatr sahnasida ko‘rinmagansiz deb. Teatrga uch marta chaqirilganman. Institutni bitirganimdan keyin Hamza teatriga yo‘llanma berishdi. Lekin meni kimdir yengiltabiat qiz deb ig‘vo qilgan, o‘shanda qattiq xafa bo‘lganman. Keyinchalik ham yana ikki marta taklif bo‘ldi, afsuski, ikki martasida ham do‘stlarim pand berdi, ortimdan yomonlashdi, shu sabab berilgan taklif qaytarib olindi. Shundan keyin chaqirishsa ham bormaslikka ahd qildim.

Saxiy odam birov bir narsa so‘rasa, so‘ralganidan afzal qilib olib chiqib beradi, xasis odam esa so‘ralganidan kamroq qilib beradi: qaytadimi-yo‘qmi, shuni o‘ylab turadi. Shuning uchun ustoz shogirdiga o‘rgatganda mehrini berib, jon-jahdi bilan, borini o‘zi bilgandek qilib o‘rgatmasa u ustozlikka o‘tmaydi. Har bir kasbda kim bo‘lmasin: duradgormi, zargarmi — farqi yo‘q, o‘zi bilganidan ham ko‘proq bilim berishi kerak. Men hayotim davomida shu fikrga amal qilib keldim.

Boshqa tomondan, kishida o‘rganmoqchi bo‘lgan hunariga Allohdan berilgan qobiliyat bo‘lishi kerak. Ustozning xizmati o‘sha qobiliyatni to‘g‘ri yo‘naltirish, yo‘l ko‘rsatish hisoblanadi.

Biznes san'atga to‘g‘ri kelmaydi, haqiqiy san'at sotilmaydi

Hozirgi dublyaj haqida gapirsam, ko‘p narsadan ko‘nglim to‘lmaydi. Bugungi kundagi dublyaj bilan avvalgi dublyajning farqi katta. Birinchidan, ilgari ustozdan shogirdga o‘tardi. Misol uchun, dublyaj rejissyorlari filmlarda ikkinchi rejissyor sifatida ishtirok etib, film jarayonini bilgan, aktyor tanlashni bilgan — boringki, barcha chig‘iriqlardan o‘tgan kishilar edi. Dublyajga kelgandan keyin o‘sha olgan ta'limi va ilmini dublyaj aktyorlariga berishga harakat qilishardi.

Hozirgi dublyajda ko‘p rejissyorlar ilmsiz — kimningdir o‘g‘li, qizi, akasi va hokazo. Ilmi yo‘qligidan hamma narsa dublyaj ular uchun. Yangi olingan film ovozlashtiriladi, chunki film olinayotganda aktyorning ovozi o‘ziga to‘g‘ri kelmasligi gavdasiga tushmasligi mumkin yoki ba'zi bir texnik tomonlarni ishlay olmasligi mumkin, shunda vaziyatga mos holatda ovozlashtiriladi va ovozlashtirish jarayoni deyiladi. Chet el filmlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish esa dublyaj deyiladi, o‘z nomi bilan, dublikat degandan kelib chiqqan.

Avvalgi vaqtda, sobiq ittifoq davrida bizning dublyajimiz 15 respublika ichida hamisha birinchi o‘rinni egallab kelgan, hech qachon ikkinchiga tushmagan.

Hozirgilar-chi, ilmi bormi-yo‘qmi, nechta kitob o‘qigan, u havaskormi yoki ishqibozmi, ustozi kim, qancha vaqt birga ishlagan?.. Bu narsalar shuning uchun kerakki, bir yil ishlagan bilan dublyaj sirlarini o‘rganib bo‘lmaydi. 3–4 yilda kichik bir epizoddan kichik bir ikkinchi darajali rolga o‘tish mumkin.

Ekrandagi aktyorni ko‘rmaydi, qulog‘iga quloqchinni taqib qog‘ozdagi matnni o‘qish bilan ovora, ekrandan ovozi kelganda o‘qib tursa bo‘ldi... Bu holda qanday qilib obraz xarakterini chiqara oladi, uning ichki dunyosi, psixologiyasini chiqarib beroladi?     

Hozirgi dublyajlarda, bilmadim, nima uchun, kimlar bunga ruxsat bergan, usta ko‘rmasdan kelib o‘zlari “ustalik” qilishmoqchi bo‘lyapti. Bundan tashqari, hozir efirni to‘ldirish degan narsa bor, shuning uchun tezlikka e'tibor berilib, sifat tushib ketyapti, kuzatsangiz, efirda yaxshi ko‘rsatuvlar kam.

Go‘yo programmalar o‘ylab chiqadigan odamlar yo‘qday, chet elning biron ko‘rsatuvidan o‘g‘irlab bachkana bir narsalar chiqariladi, lekin shu bilan ham vaqtni to‘ldira olmayapti.

24 soat ishlaydigan studiyalar programmasi yo‘q, rejasi yo‘q, nima bilan to‘ldirishni bilmaydi. Shuning uchun ham kinolar olinadi-da, tezda dublyaj qilinib, efirga chiqib tursa, kimdir gapirib tursa bo‘ldi. Ekran oldida turgan, ishdan kelib bir televizor ko‘ray degan odamning o‘y-xayoli, unga yoqadimi-yo‘qmi — ularga farqi yo‘q.

Shuning uchun ta'kidlaymanki, biznes san'atga to‘g‘ri kelmaydi, haqiqiy san'at sotilmaydi.

O‘zbekistonda san'at rivojlanganiga necha yillar bo‘lgan bo‘lsa, hech qachon shu 5–10 yil oldingigacha san'atkor pulga o‘lchanmagan. Agar aktyor biror yomon rolni o‘ynadi-yu, tomoshabin qalbida unga nafrat bo‘lib, ko‘chada ko‘rganda teskari qaradimi, demak, ijro maromiga boribdi. Shunga qiyosan ijobiy rol ijro etganda yig‘lab yoki eh shunaqa qilsam bo‘lar ekan-ku desa, bu ham yutuq. San'atkor, aslida, shunga xizmat qilishi kerak.

«Dublyajda rol ijro etmaganimga 20 yildan oshdi»

Dublyajdan oldin shoshmasdan bir-ikki marta ko‘rib olish kerak. Qaysi obrazga ovoz berayotganini yaxshilab ko‘rish zarur. Qahramonni ko‘ziga qarab ko‘zidan ichki dunyosi, ijro paytidagi ruhiy kechinmasi bilib olinadi. Va uning shunga yarasha o‘zining hissiyoti bor, deylik, yig‘layapti, bolasi o‘ldi, yori o‘ldi yoki xaxolab kulyaptida, ora-orada to‘xtab entikib gapiryapti yoki suvga tushib cho‘kib chiqdi, zo‘rg‘a nafas olyapti, shu nafasi ichida gapirishi kerak — mana shu joylarini ko‘proq tomosha qilib o‘zi uchun belgilab olishi lozim.

Keyin ko‘p odamlar matnga qaramasa gapirolmaydi. Eslab qolish qobiliyatini shunchalik kuchli qilib tarbiyalashi kerakki, 2–3 qayta o‘qiganda 70–75 foiz matnni yoddan bilsin, shu darajaga olib chiqish kerak bo‘ladi, asosiy e'tibor ekranda bo‘lgani ma'qul, adashish ehtimoli bo‘lsa, bir belgi qo‘yib tursa ham bo‘ladi. Tomoshabinni ekranda ushlab turish uchun dublyaj aktyori hissiyotli o‘rinlarda 150 foiz tayyor bo‘lib turishi kerak.

Dublyaj va kinoda rol ijro etmaganimga 20 yildan oshdi. Sababi dublyaj bizda kasodga uchradi, bekildi, televizion variantga o‘tib ketildi va men bunga qo‘shila olmadim.

O‘sha vaqtlarda san'atkor uchun og‘ir kunlar keldi. Meni taklif qilmagan televideniye rejissyoriga borib, men xalq artistiman, menga bir ish bering, ishlay deymanmi — g‘urur kerak-ku axir kishiga.

«O‘ylab-o‘ylab oxiri AQShga ketdim»

O‘ylab-o‘ylab oxiri hamma qatori o‘zimni sinab ko‘rgani AQShga ketdim. U yerda ish topish oson emas. Qaysi davlatga bormang, tilini bilmasangiz, ishga olmaydi. Keyin ishlash uchun til o‘rgandim, ish qidirdim, bizning kasb u joylarda o‘tmaydi, boshqa kasb qilish kerak. Men qariyalarga qarovchi bo‘lib ishladim.

Mana, bizda ham shu jarayonlarga yetib kelinyapti. Oilada hamma ishlaydi, ishlamasa bo‘lmaydi. Bizga o‘xshagan 70–80ga kirgan qariyalar esa yolg‘iz qolib ketyapti. Er-xotin bo‘lsa-ku, bir-biriga suyanch bo‘lib o‘tirar, lekin ko‘plari yolg‘iz, to‘rt devor ichida kasalmand bo‘lib qoladi. Hatto sog‘ odam ham yolg‘izlikda kasal bo‘lib qolishi mumkin.

Ularga esa ko‘mak kerak, farzandlari ishda bo‘lganda osh-ovqati, issiq-sovug‘iga qarab turadigan odam kerak. Yurtdoshlarimiz orasida farzandlari yo‘q, lekin uy-joylari bor, bitta o‘zi yashaydi, qariyalar uyiga borgisi kelmaydi. Puli bor-u, lekin odam topolmaydi.

Yana shunday insonlar borki, mana shu kabi ishlar bo‘lsa ishlashga rozi, ular ham o‘z holicha bunday kishilarni qayerdan izlashni ham bilmaydi. Lekin ba'zida shunday holatlar uchraydiki, firibgarlar qariyalarni aldab ketadi yoki uradi, yoki narsalarini o‘g‘irlab ketishi mumkin.

Shuning uchun rasmiy bir tashkilot ochish niyatim bor — «Mehr bulog‘i» nodavlat notijorat tashkiloti, unda ham qariyalar, bolalarga qarab turishni, ham odamlarni ish bilan ta'minlashni reja qilyapmiz. Ehtiyojga qarab kimnidir bir-ikki soatlik ishi bo‘ladi yoki kun bo‘yi qarash kerak. Ishga olinadigan kishilarni har tomonlama tekshirib, bir soat-ikki soat kishilarga qaratib, sinab ko‘rib ishga olamiz.

Top