19:03 / 02.03.2021
3284

«212ta muvofiqlik baholash organi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi», – Baholash organlari faoliyatidagi muammolar haqida

Respublikada mahsulot sifatini o‘lchaydigan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari 30-35 foizni tashkil qiladi. 60 foiz eskirgan qurilmalarda esa o‘lchov sifati past.

«O‘zstandart» agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi DUK direktori o‘rinbosari Shokir Alimov 2 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida baholash organlari faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolar haqida gapirdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda 212ta mahsulotga muvofiqlik sertifikati beruvchi organlar faoliyati qoniqarsiz, deb topilgani sababli vaqtincha to‘xtatilgan.

«Bugungi kungacha eski standart bo‘yicha 350ta laboratoriya akkreditatsiyadan o‘tgan. Shundan 7 tasining ishlash sifati yangi standartga – xalqaro talablarga javob beradi, xolos.

Bu laboratoriyalarimizda juda ko‘p muammolar bor degani.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda respublikada mahsulot sifatini o‘lchaydigan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari 30-35 foiznigina tashkil qiladi. Texnikalarning 60 foizi bir necha yildan beri ishlatib kelinyapti. Ya'ni ulardan natija olish mumkin, lekin aniqlik darajasi past bo‘ladi.

Bozorlarda, do‘konlarda mahsulot xarid qilamiz. Ayrim holatlarda yorlig‘ida yaroqlilik muddati yoki ishlab chiqaruvchisi ko‘rsatilmagan mahsulotlar savdo rastalariga chiqarilgani, savdo qoidalari, ya'ni saqlash va realizatsiya qilish talablari buzilganiga guvoh bo‘lamiz.

Sertifikatlashtirish bo‘yicha 2020 yilda taxminan 260ga yaqin muvofiqlik baholash organlarida davriy nazoratni olib bordik. Shundan 212tasining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ya'ni standart talablarini, sertifikatsiyalash tartiblarini buzgan holda ishlaganligi sababli ularning faoliyati to‘xtatilgan. Toki o‘sha kamchiliklar to‘g‘rilangunicha.

Muvofiqlik baholash organlari – mahsulotga muvofiqlik sertifikati beradigan sertifikatlashtirish organlari yoki uni tekshiradigan sinov laboratoriyalari hisoblanadi.

Hozirda 350ta akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya bo‘lsa, bular butun respublika miqyosida har bir yo‘nalish bo‘yicha faoliyat olib boradi. Umumiy muammolarimiz kadrlar malakasi yetishmasligi, o‘lchov jihozlari sifat darajasining pastligi va qo‘llayotgan sinov usullarini tatbiq etishda ko‘zga tashlanadi», – dedi tashkilot rahbari o‘rinbosari.

Shuningdek, mazkur sinov laboratoriyalari faqatgina davlatga tegishli emasligi, ular orasida xususiylari ham borligi aytildi. 

Avvalroq «O‘zstandart» agentligi mutasaddilari 2021 yildagi eng muhim yo‘nalishlardan biri sinov laboratoriyalarini xalqaro andozaga yetkazish ekanini ta'kidlashgandi.

Ma'lumot uchun, agentlik 2020 yilda Jahon banki bilan hamkorlikda viloyatlardagi 8ta hududda 9,5 million dollarlik laboratoriyalar shakllantirdi.

Agentlik oldida 2021 yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uyg‘unlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.

Top