21:43 / 02.03.2021
10872

Auditorlik faoliyati bo‘yicha yangi qonun qabul qilindi. Unda qanday yangiliklar ko‘zda tutilmoqda?

Yangi tahrirdagi qonunda Moliya vazirligi, Markaziy bank vakolatlari belgilandi. Auditorlik faoliyati bo‘yicha yangi normalar kiritildi.

Foto: Shutterstock

2021 yil 25 fevral kuni «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Quyida yangi hujjatda keltirilgan ayrim muhim jihatlar haqida ma'lumot beriladi.

Yangi qonunning ahamiyati nimada?

Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sharofiddin Haydarov «O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida mazkur qonunda ko‘zda tutilgan bir necha masalalarga to‘xtalib o‘tgan. 

«Qonun bilan auditorlik faoliyatini faqat auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirish belgilanmoqda. Bu O‘zbekistondagi auditorlik faoliyatimizning xalqaro amaliyotdagi, rivojlangan davlatlardagi audit faoliyati bilan bir xilligi ta'minlanishiga olib keladi, degani.

Mazkur qonun to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilindi. Demak, barcha qonun osti hujjatlari, auditorlik sohasiga tegishli hujjatlar bitta tizimga tizimlashtirilib, yaxlit bir hujjat shaklida qonunda namoyon bo‘ldi», – dedi vazirlik vakili.

Auditorlik faoliyati bo‘yicha Moliya vazirligi vakolatlari

Moliya vazirligi vakolatli organ sifatida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi. Auditorlarga malaka sertifikatini beradi. Ularning reyestrini yuritadi.

Respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda auditorlar malaka oshirishining namunaviy dasturini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, vazirlik auditorlik sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi mas'ul idora sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Markaziy bank vakolatlari

Qonun bilan O‘zbekiston Markaziy bankining vakolatlari ham belgilangan.  Unga ko‘ra, Markaziy bank banklarni va boshqa kredit tashkilotlarini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini belgilaydi.

Banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun auditorning malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi va uni beradi.

Banklarning auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun malaka sertifikatiga ega bo‘lgan auditorlarning reyestrini yuritadi va uni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Auditorlik tekshiruvlari

Qonunda auditorlik bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar auditorlik tekshiruvlari hamda turdosh xizmatlarni ko‘rsatishi mumkinligi belgilangan.

Auditorlik tekshiruvlari o‘z navbatida majburiy va tashabbus tarzidagi tekshiruvlarga ajratilgan.

Shuningdek, hujjatda auditorlik tashkilotlari tomonidan turdosh xizmatlarni ko‘rsatish ham belgilangan. Xususan, moliyaviy hisobotlarni tuzish, buxgalteriya hisobini yuritish, tiklash, qayta tiklash masalalari ham alohida belgilab o‘tilgan.

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari

Qonunda auditorlarning respublika jamoat birlashmalari faoliyatiga tegishli alohida normalar kiritildi. Unga ko‘ra, mazkur birlashmalar malaka imtihonlarini o‘tkazishda va test savollarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Xalqaro buxgalterlar federatsiyasining odob-ahloq standartlari bo‘yicha kengash tomonidan e'lon qilingan professional buxgalterlarni odob-axloq kodeksiga rioya etilishining tizimli monitoringi tashkil etilishini ta'minlaydi.

Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari a'zolarining reyestrlarini yuritadi va ularni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi. Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. Bu auditorlarning manfaatlarini himoya qilishga va ularning malakasini saqlab turish hamda oshirishga qaratilgan faoliyatdir.

Auditorlik faoliyatiga oid yangi prinsiplar

Qonunda auditor xolislik bilan tekshiruv o‘tkazishi, u o‘z kasbi bo‘yicha chuqur malakaga ega bo‘lishi, axborotlarning maxfiyligi kabi bir qator yangi prinsiplar joriy qilinmoqda.

Bu ularning mustaqil holatda tekshiruv o‘tkazishlariga va xolis xulosa berishlariga, auditorlik tekshiruviga aralashuvga chek qo‘yilishiga hamda auditorlar xulosalarining ochiq va shaffofligi ta'minlanishiga olib keladi.

Hujjatda auditorlar malakasini oshirish tartiblari, malaka sertifikati, uni olish yoki amal qilish muddatini uzaytirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati belgilab berilgan.

Qonunning asosiy prinsiplariga muvofiq, auditorlik tashkilotlarining faoliyatiga aralashishga va auditorlik tashkilotiga, shuningdek, uning xodimlariga qanday shaklda bo‘lmasin ta'sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Asosiy qoidalarga ko‘ra, auditorlik tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshirishda mustaqildir.

Manfaatlar to‘qnashuvi va kimlar auditorlik tashkiloti tuza olmasligi haqida

Qonunga binoan, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan auditorlik tashkiloti tashkil etilishi mumkin emas.

Agarda qaysidir idora yoki davlat organi auditorlik tashkilotini tuzadigan bo‘lsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi.

O‘zining sohasi bo‘yicha kamchiliklarni aniqlashdan u manfaatdor emas. Shu nuqtai nazaridan ana shu davlat organlari va idoralar tomonidan tashkil qilinishining qat'iy ravishda cheklab, taqiqlab qo‘yilishi auditning xolisona, mustaqil faoliyat ko‘rsatishini ta'minlaydi.

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida qonunga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek, qonunichilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadigan boshqa shaxslar auditorlik tashkilotining muassislari bo‘lishi mumkin emas.

Qanday hollarda auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi?

Qonunda auditorlik tekshiruvini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydigan norma ham mavjud. Xususan, auditorlik tashkiloti sug‘urtalovchisi, kreditorlari  bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan o‘zining muassislari, ishtirokchilari, aksiyadorlari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan, audit tashkilotlari xodimlari bilan tekshirilayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektning rahbarlik, moliyaviy faoliyat bilan bog‘liq lavozimdagi shaxslar o‘rtasida yaqin qarindoshlik aloqalari mavjud bo‘lganida va shu kabi qator holatlarda auditorlik tekshiruvini o‘tkazish taqiqlanadi.

Shuningdek, auditorlik tashkiloti ketma-ket 7 yildan ko‘proq ayni bir xo‘jalik yurituvchi sub'yektning tekshiruvini o‘tkazishga haqli emas.

Auditorlik tashkilotlarining moliyaviy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

U tashkilotlar ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazishda tahlikali-tahlil natijalariga asoslanadi va tahlil darajasi belgilab olinadi.

O‘z navbatida qonun bilan xalqaro tajribalar hisobga olingan holda auditorlik tashkilotlarining ishi sifatini belgilab beruvchi ko‘rsatkichlar ham o‘rnatildi.

Avvalroq, auditorlik faoliyatida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani, qonunning yangi tahriri senatorlar tomonidan ma'qullangani xabar qilingandi.

Ma'lumot uchun, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ilk bor 2000 yil 26 mayda qabul qilingan. U 9 bob, 29 moddadan iborat bo‘lgan. Qonunning yangi tahriri esa 55 ta moddadan iborat.

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 99ta auditorlik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Auditorlar soni esa 572 kishini tashkil qiladi. 19ta mahalliy auditorlik tashkilotlari yirik xalqaro tarmoq va assotsiatsiyalarning a'zolari hisoblanadi.

Top