21:51 / 02.03.2021
10265

Sergey Lavrov: «O‘zbekistonda Sputnik V vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda»

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi O‘zbekistonda tezlashtirilgan tartibda ro‘yxatga olinganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Moskva shahriga amaliy tashrifi davomida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga davlat tashrifini tashkil etishga alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bugungi kunda yuqori darajadagi ikki tomonlama ko‘plab hujjatlar mavjud», degan Rossiya tashqi ishlar vaziri.

U bir necha yillardan buyon O‘zbekiston Rossiyaga ishlashga kelayotgan mehnat muhojirlari soni bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallab kelayotgani, ammo pandemiya tufayli bu oqim keskin kamayganini aytib o‘tgan.

«Albatta, epidemiologik cheklovlar mavjud. Bu nafaqat mehnat muhojirlariga, balki talabalarga ham ta'sir ko‘rsatdi. Tezkor shtab tuzgan holda talabalarning soni hisobga olinadi, federatsiyadagi har bir ish beruvchining arizasi asosida yangi mehnat muhojirlarini qaytarish yoki taklif qilishi imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi», degan Sergey Lavrov.

Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri pandemiya davridagi og‘ir sharoitga to‘xtalib o‘tgan.

«Shu kunlarda O‘zbekistonda aholini ommaviy emlash boshlanadi. O‘zbekistonda Sputnik V vaksinasini ishlab chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, ushbu vaksina O‘zbekistonda tezlashtirilgan tartibda ro‘yxatga olingan. Biz ushbu sohadagi hamkorligimizni juda qadrlaymiz», deydi u.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri davlatlar o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalar inqiroz sharoitida va doimiy parvozlar to‘xtagan taqdirda ham rivojlanayotganini ta'kidlagan.

«Biz pandemiya sharoitida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishining barqaror dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdik. Pandemiyaning og‘ir oqibatlariga qaramay, iqtisodiy hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda», dedi Abdulaziz Komilov

Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida doimiy aviaqatnovlarni tiklash masalasiga to‘xtalib, tez orada aviaqatnovlar tiklanishini aytib o‘tishdi.

Vazirlar tomonidan Afg‘onistondagi bugungi vaziyat, inklyuziv afg‘onlararo muzokaralarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va Afg‘oniston ishtirokida transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish yo‘lidagi sa'y-harakatlarga alohida e'tibor qaratildi.

  • Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ommaviy qo‘llash jarayoniga 17 fevral kuni ruxsat berilgandi - vaksina davlat ro‘yxatidan olingani haqida hali rasman e'lon qilinmagan.
  • 1 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina sifatida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan vaksina davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top