08:37 / 03.03.2021
26549

«Repetitorga bormasdan ham til o‘rganish mumkin» - 8 tilda gaplashuvchi poliglot qiz hikoyasi

Navoiylik 21 yoshli Sarvinoz Saydullayeva 8 tilda gaplasha oladi. U rus, ingliz, nemis, fransuz, koreys, ispan, turk tillarini o‘rgangan. Hozirda arab tilini o‘zlashtiryapti.

Foto: Pinterest

Sarvinoz Jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasi 4-bosqichida o‘qiydi. O‘qishdan tashqari, kuniga 6 mahalgacha kurs tashkil qilib, o‘quvchilariga an'anaviy va onlayn til o‘rgatadi.

Poliglot til o‘rganish tarixi haqida hikoya qilarkan, 7-sinfga qadar til o‘rganish niyati bo‘lmaganini aytadi. Uning ona tili – o‘zbek tili; uyda oilasi bilan to‘liq o‘zbekcha muloqot qilishadi. Rus tilini bog‘chada, televizorda rus tilidagi ko‘rsatuvlar orqali o‘rgangan.

«Til o‘rganish uchun uyda doimiy muhit bo‘lgan. Otam Sarvar Ismatov – fransuz tili bo‘yicha filologiya fanlari nomzodi, dotsent. Onam Ra'no Ne'matova matematika fanidan litseyda dars beradilar.

Bolaligimizda televizorda rus tilida axborot berilsa, otam va onam bizni yonlariga olib, u haqda rus tilida suhbat qilar, nimani tushunganimizni bittalab ruschada so‘rab olardilar. Bog‘chada ham rus guruhiga borganmiz», – deydi Sarvinoz rus tilini qanday o‘rgangani haqida.

Ota-ona bergan motivatsiya

Sarvinoz 3-sinfdan boshlab turli cholg‘u asboblarini chalishni boshlagan. 6-sinfni tugatganidan keyingina ingliz tilini o‘rganishga kirishgan.

«Onam matematika o‘qituvchisi bo‘lgani uchun meni matematikaga qiziqtirmoqchi bo‘lgan. Ammo bu fanga qiziqishim va rag‘batim bo‘lmagani sabab 1-2 oyga yetmay, matematikani tashlab yuborganman va ingliz tilini o‘rganishni boshlaganman. O‘sha paytda 7-sinfda o‘qirdim», – deydi u.

Sarvinoz bu tilni o‘rganishga qunt qilmaganini aytadi. Shunda u uchun eng katta motivatsiya ota-onasi bo‘lgan. Ota-onasini uyaltirib qo‘ymaslik hissi uni bu tilni o‘rganishga majbur qilgan. Natijada 9-sinfda o‘qib yurganidanoq tengdoshlariga ingliz tilini o‘rgatishni boshlagan. Bu paytda ham ingliz tili bilan muntazam shug‘ullana boravergan.

«Kimningdir mendan yaxshiroq o‘qishiga chidolmasdim…»

«Kimningdir mendan yaxshiroq o‘qishiga chidolmasdim. Darrov undan o‘tib ketishga harakat qilardim. Xuddi shu holat litseyda nemis tilini o‘rganayotganimda ham ro‘y bergan. Tengdoshlarimning bu tilga qiziqib o‘rganayotganini ko‘rib, ulardan ham yaxshi o‘rganishga ahd qilganman va buni uddalaganman», – deya izohlaydi u til o‘rganishdagi muvaffaqiyatini.

Poliglot qiz litseyda o‘qib yurganida nemis tili bilan birga, fransuz tilini ham o‘rganishni boshlagan. Uning aytishicha, otasi fransuz tili bo‘yicha mutaxassis bo‘lishiga qaramay, bu tilni buvasidan o‘rgangan. Hozirda fransuz va ingliz tilini C1, nemis tilini B2 darajada biladi.

«Litseyni bitirib, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining fransuz tili filologiyasiga imtihon topshirdim. Javoblar chiqqunicha zerika boshladim va koreys tilini o‘rganishga qaror qildim.

Bir qizdan 3 kun dars olib, menga koreyscha o‘qish va yozishni o‘rgatishini so‘radim. Undan keyin 14 avgustgacha bu tilni o‘zim mustaqil davom ettirdim. Koreys tilini muloqot darajasida bilaman», – deydi u.

Sarvinoz o‘qishga kirgandan so‘ng talabalar yotoqxonasiga joylashadi. Bu yerda xonadoshidan ispan tili bo‘yicha 1 hafta dars oladi. U ispan tilidan keyin turk tilini o‘rganadi. Hozir arab tilini o‘zlashtiryapti.

Sarvinozning o‘zi ham boshqalarga til o‘rgatgani uchun chet tillarini o‘qitish va o‘rganish usullaridan xabardor. Shu sabab til o‘rgatuvchidan muhim yo‘nalishlarni so‘rab olib, qolganini mustaqil davom ettiradi.

«Til o‘rganishimda rus va ingliz tillari tramplin vazifasini bajaradi»

«Biror tilni o‘rganishda shu til harflarini tanish va talaffuz qila olishni o‘zlashtirish men uchun yetarli. Tilning tabiiy talaffuziga yaqinlashtirish uchun qo‘shiq eshitaman va uning so‘zlarini topib, hirgoyi qilaman.

Shuningdek, grammatika kitoblaridan, internetdagi turli so‘zlashgich dasturlaridan foydalanaman. Bu yerda menga rus va ingliz tili tramplin vazifasini bajaradi. Chunki internetdagi aksariyat tarjima yoki so‘zlashuv dasturlari rus tili – ingliz tili, rus tili – ispan tili, ingliz tili – turk tili, ingliz tili – koreys tili kabi yo‘nalishda bo‘ladi.

Rus va ingliz tillarni bilganim boshqa tillarni ham yaxshi o‘rganishimda qo‘l keladi», – deydi Sarvinoz til o‘rganish usullari haqida.

Tillarni qanday qilib tezroq o‘rganish mumkin?

«Til o‘rganishda zanjir usulidan foydalanaman. O‘zimga o‘zim bir so‘zni aytib, davomiga yana 150-300tacha so‘zni ulab yuraman. Bu o‘yinni bir kunda bir marotaba 2-3 soatgacha o‘ynayman», – deydi u.

Sarvinozning aytishicha, oynada o‘ziga qarab gapirish ham til o‘rganish mashaqqatlarini kamaytiradi. Chunki bu orqali kishining o‘ziga ishonchi paydo bo‘lib, qo‘rquvlarni yenga oladi.

«Eng yaqin do‘stim – quloqchinlarim»

Sarvinoz ko‘chaga hech qachon quloqchinsiz chiqmasligini aytadi. Hatto telefonining quvvati bo‘lmasa ham quloqchinlar qulog‘ida turadi.

«O‘zimga o‘zim biror tilda gapirib ketaman. Masalan, kecha kim bilandir telefonda gaplashganimning tahlilini biror tilda ovoz chiqarib gapiraman. Ko‘rgan kishi meni birov bilan telefonda gaplashyapti deb o‘ylaydi. Xayolimda gaplar tuzib, yurgan yo‘limda ularni takrorlab yuraman.

Miyam doimo band. Bizni bunga yoshlikdan o‘rgatishgan. Hatto yozgi ta'tilda ham tengdoshlarimiz o‘yin o‘ynashsa, biz dars qilib o‘tirardik. Tabiiyki, bu o‘sha paytda bizga yoqmagan, ammo endi bundan hech afsuslanmaymiz», – deya ota-onasidan minnatdorligini bildiradi u.

«Biror tildagi asarni tushunmasangiz ham, 6 martagacha o‘qing»

Sarvinoz til o‘rganayotgan kishiga o‘sha tilda kitob o‘qishni tavsiya qiladi. Boshlanishiga kichik-kichik hikoyalarni o‘qigan ma'qul. Chunki katta romanlarda so‘zlar tushunarsiz bo‘ladi va kishini zeriktiradi.

Dastlab asarni 1 marta taxminiy ma'no bilan tanishish uchun o‘qib chiqish kerak. 2-o‘qishda notanish so‘zlarni qoldirib ketib bo‘lsa ham tarjima qilaverish kerak. 3-, 4-o‘qilganda notanish so‘zlar tarjimasi chiqadi. 5-martada ma'nosi ravshanlashadi. 6-martasida lug‘atga qarash kerak.

«6-o‘qishda lug‘atga qarasam, notanish so‘zlar ma'nosi taxmin qilganimdek bo‘lib chiqadi. O‘zim 2-3 yildan beri lug‘at ishlatmayman. Matnni 3-4 marta o‘qib, ma'nosini chiqaraman. 2 betli novellani ham kamida 5-6 marta o‘qib, 40-50 daqiqamni sarflayman. Keyin tushunib olaman», – deya matn o‘qish texnikasini tushuntiradi u.

«Bilganlarimni juda ko‘pchilikka o‘rgatgim keladi»

Sarvinoz o‘qishga kirgandan so‘ng bir nechta o‘quv markazlarida ishlagan. Hozir kuniga 6 mahalgacha kurs tashkil qilib, bir necha yuz nafar o‘quvchiga an'anaviy va onlayn til o‘rgatadi.

«Birov men bilgan narsani bilmasa, unga o‘rgatishni xohlayman. Men bilgan narsani nega tengdoshim bilmasligi kerak, degan fikr bor menda. Shu sabab yonimdagi kishiga nimadir o‘rgatgim kelaveradi. Yonimdagi odam bilim jihatdan men bilan teng bo‘lishi kerak», – dedi Sarvinoz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid
Top