13:08 / 04.03.2021
13575

«Tizim xarakteri va boshqaruvni markazlashtirishga urinish». Sodiq Safoyev 1996 yilda konvertatsiya yopilishiga nima sabab bo‘lganini tushuntirdi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kirill Altmanning «Alter Ego» loyihasiga intervyu berdi. Suhbat davomida 1996 yilda valuta konvertatsiyasi nima sababdan yopilgani aytib o‘tildi.

«1990-yillar boshida xususiy faoliyatga ruxsat berilganining o‘zi katta iqtisodiy faktdir. Iqtisodiy siyosatdan qat'i nazar, istalgan rejimda odamlarga ishlash, ishlab chiqarish, savdo qilish, safarga chiqish erkinligining taqdim etilishi, hukumat sa'y-harakatlariga qaramay, iqtisodiyotda kuchli jarayonlarga turtki beradi. 1990-yillarning boshida aynan shu yuz berdi, sotsialistik mulk monopoliyasi yo‘q bo‘lganda odamlar iqtisodiy erkinlikni his qildi. Shuning o‘zi kuchli turtkiga aylandi. 

1996 yilda valuta konvertatsiyasi yopildi, tizim o‘zgardi. Valuta konvertatsiyasining yopilishiga shunday izoh berilgandi: biz oltin-valuta resurslarini saqich xarid qilishga sarflay olmaymiz. Biroq, shundan keyin saqich olib kirishning hajmi yanada oshgandi. Aftidan, bu yerda tizim xarakteri, boshqaruv tizimini markazlashtirishga urinish va resurslarni taqsimlash jihatidan davlatning iqtisodiyotdagi o‘rnini monopollashtirish rol o‘ynadi. 

Konvertatsiya markaziy organ tomonidan nazorat qilinganda, xususiy kompaniyalarda rivojlanish uchun resurslar qolmaydi. Bu masalalarning hammasi davlat tomonidan tartibga solina boshlandi. Bu eski «gosplan» yondashuvi va bu odamlar qanday tarbiyalanganini ko‘rsatuvchi refleks. Ya'ni, aqlli odamlar guruhi bor va aynan ular jamiyat qanday rivojlanishini hal qiladi, degan fikr. Oxir-oqibat xususiy tadbirkorlik faoliyati siqib qo‘yildi, shu sababli normal moliyaviy tizim, bank tizimi yaratilmadi», dedi Sodiq Safoyev.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 2 sentyabr kuni «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi galdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan.

Farmonga ko‘ra 2017 yilning 5 sentyabridan boshlab yuridik shaxslar joriy xalqaro operatsiyalar bo‘yicha xorijiy valutani tijorat banklaridan cheklanmagan miqdorda xarid qilishlari mumkin. Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida xorijiy valutani erkin sotish va xarid qilishlari mumkin. 

Top