08:15 / 05.03.2021
5649

«Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi

«Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi. Loyiha muhokama uchun qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portaliga joylashtirildi, amaldagi qonun Senat tomonidan 2009 yil 28 avgustda ma'qullangan.

Foto: Shutterstock

Norma’ning yozishicha, qonun loyihasi ancha kengaytirildi, unga so‘nggi yillarda qabul qilingan huquqiy hujjatlar ham kiritildi. U 15 bo‘lim, 26 bob va 94 moddadan iborat (amaldagi qonun 8 bob va 34 moddadan tashkil topgan).

 Qonunning maqsad va vazifalari kengaytirildi, xususan, quyidagilar asosiy vazifalar hisoblanadi:

  • O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishni ta'minlash va aholi farovonligini yuksaltirish, ishonchli, xavfsiz, barqaror hamda arzon elektr ta'minoti tizimini yaratish uchun huquqiy asoslarni shakllantirish;
  • belgilangan narxlar, elektr ta'minot uzluksizligi, xizmat ko‘rsatish nuqtayi nazaridan iste'molchilarni, xususan aholining zaif qatlamiga alohida e'tibor bergan holda ular manfaatlarini himoya qilish;
  • elektr energiyasi jiddiy to‘siqlarsiz sotiladigan likvidli bozorni shakllantirish maqsadida samarali, shaffof, tabaqalashmagan va raqobatbardosh elektr energiyasi bozorining yuzaga kelishi, ochilishi va rivojlanishiga ko‘maklashish;
  • elektr energetika korxonalari huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilash hamda ularning o‘zaro va davlat hokimiyati organlari bilan munosabatlari uchun huquqiy asoslarni ta'minlash;
  • elektr energetika korxonalarining ijtimoiy xizmat ko‘rsatish majburiyatlariga tegishli qoidalarni belgilash;
  • elektr energetika tarmog‘ini shaffof va tabaqalashmagan tarzda faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida elektr energetika korxonalarini bo‘lish va qayta tashkil etish qoidalarini belgilash;
  • elektr energiyasini qayta tiklanadigan energiya manbalaridan ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
  • elektr energiyasini import (eksport) qilishdagi tartib va qoidalarni belgilash va boshqalar.

Qonun qo‘llanish doirasi haqidagi modda kiritilmoqda, u atom energiyasini ishlab chiqarishga ham tatbiq etiladi. Qonun «Elektr energetika tarmog‘idagi faoliyatning tamoyillari» deb nomlangan yangi bob bilan to‘ldirilmoqda, «Asosiy tushunchalar» bobi ancha kengaytirildi. 

Top