19:18 / 05.03.2021
10304

Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Rossiya TIVning Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Oleg Malginov Rossiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlandi.

Foto: Sputnik

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoniga binoan, Oleg Sergeyevich Malginov Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi.

U 2009 yildan beri Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlab kelgan Vladimir Tyurdenev o‘rnini egallaydi.

Ma'lumot uchun, Oleg Malginov 1957 yilda tug‘ilgan. SSSR Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan. 

Malginov diplomatiya sohasida 1979 yildan beri faoliyat yuritib keladi. 1979–1983 yillar davomida sobiq ittifoqning Hindistondagi elchixonasida ishlagan. 1993 yilgacha esa avval sobiq ittifoq, keyinchalik esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Inson huquqlari departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan.

U 1994–1999 yillarda Rossiyaning BMTdagi va Jyenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonasi yetakchi maslahatchisi, keyinchalik esa Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Xalqaro insonparvarlik hamkorligi va inson huquqlari departamenti direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Diplomat 2003 yildan 2006 yilgacha Rossiyaning Bangladeshdagi elchisi, 2011–2016 yillarda esa Ruminiyadagi elchisi lavozimlarini egallagan.

Oleg Malginov O‘zbekistonga elchi etib tayinlanishidan oldin Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top