18:10 / 06.03.2021
6833

Telegram fenomeni va onlayn biznes - Timur Bakiyev bilan suhbat

So‘nggi bir necha yilda yashin tezligida ommalashgan Telegram millionlab insonlarning muloqot odatlarini o‘zgartirib yubordi. Bu messenjer o‘zbekistonliklar hayotiga ham chuqur kirib bordi.

Ilovaning katta tezlikda ommalashib borishi biznes uchun ham yangi imkoniyatlarni yaratdi. Xususan, asosan Telegram'dagi kanallarda reklama tarqatishga ixtisoslashgan kompaniyalar vujudga keldi.

Ana shunday kompaniyalardan biri – ClickMe reklama-marketing agentligi Telegram'ning o‘zbek segmentidagi 200dan ortiq kanallarga reklama joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Kun.uz ushbu kompaniya asoschisi Timur Bakiyev bilan suhbat tashkil etdi.

— Keling, avval Telegram O‘zbekistonda qanday ommalasha boshlagani haqida gapirsak. Ilova 4-5 yil oldin mashhur bo‘la boshlagan edi. O‘sha paytda O‘zbekistondagi messenjerlar orasida yetakchi bo‘lgan WhatsApp nima sababdandir bloklangani Telegram'ning ommalashishida birinchi katta to‘lqin vazifasini bajargandi.

Ikkinchi omil – smartfonlar narxlari. 4-5 yil oldin O‘zbekiston bozorida sifatli smartfonlar qimmatligi bois ko‘p emasdi. O‘tgan yillar mobaynida esa aholining aynan smartfon ishlatishi sezilarli darajada ortdi.

Bunga sabablardan biri – narxi 100 dollargacha bo‘lgan arzon Xiaomi smartfonlarining bozorga kirishi bo‘ldi. Endi yaxshi smartfonlar avvalgidek 300-400 dollar emas. Shunday qilib, ko‘proq odamlar smartfon sotib ola boshladilar va ular o‘rnatgan birinchi ilova Telegram bo‘ldi. Chunki atrofdagi hamma aynan shu messenjerdan foydalanayotgan edi.

Boshqa bir omil esa Telegram'da kanal ochish imkoniyati paydo bo‘lgani edi. Bu imkoniyat paydo bo‘lishi o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholi jiddiy axborot tanqisligini his qilayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Masalan, sayt ochish uchun sizga dasturchi kerak, serverlar kerak, saytni olib boradigan muharrirlar kerak. Eng muhimi, bizga tahririyat siyosati kerak. To‘g‘rimi? Telegram kanallari paydo bo‘lishi bilan bu ancha osonlashdi.

Misol uchun, futbolga qiziquvchi odam shunchaki Telegram'da kanal ochadi va u yerda jonli efirlar olib boradi, gollar kiritadi va bu o‘z-o‘zidan ommalashib ketadi.

Telegram tezda ommalashib ketishining texnik sabablari ham bor. Bizda hali internet juda kuchsiz va qimmat. Masalan, Qozog‘istonni olaylik, trafik arzon, ovozli qo‘ng‘iroqlar esa O‘zbekistonga qaraganda qimmat. Bizda-chi? Bizda aksincha, trafik qimmat, telefonlashish esa arzon.

Facebook va Instagram nima uchun bizda Telegram'chalik rivojlanmagan? Chunki ular ko‘p trafik sarflaydi. Odamlar esa hali ham internet trafikni tejash haqida jiddiy o‘ylashadi. Hatto «Captiva»da yurishlari mumkin, lekin mobil internetni tejab ishlatishadi.

Telegram kuchsiz 3G tezligida ham ishlaydi, siz hech bo‘lmaganda xabar almashish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. 5 MBdan ortiq og‘irlikdagi video bilan reklama post qilganimizda ko‘ramizki, ko‘rishlar soni ancha kam bo‘ladi. Chunki odamlar shunchaki 5 MBdan ortiq videolarni yuklab olishmaydi, deydi mutaxassis.

Timur Bakiyev suhbat davomida Telegram'dagi imkoniyatlar, onlayn ta'lim, aholining katta xizmati Google'ning oddiygina pochta xizmatidan ham foydalanmasligi va boshqa qator mavzularda o‘z fikrlarini bildirdi. To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jamshid Abdiyev.

Top