11:25 / 06.03.2021
19584

«Turmush masalasiga yuzaki qaramang». Prezident yoshlarga murojaat qildi

Bugun, 6 mart kuni poytaxtdagi “Kongress-holl”da 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tyapti va unda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, prezident o‘z nutqini ayollarni tabriklashdan boshladi va shunday dedi:

“Joriy yilda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida budjetdan 200 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Boshpanasi bo‘lmagan ayollarni ijara asosida “ijtimoiy uy-joylar” bilan ta'minlash uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltiramiz. Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordam berish va malakali tibbiy yordamga muhtoj ayollarni davolashga qo‘shimcha 110 milliard so‘m beriladi.

Shu bilan birga, ayollar bandligini ta'minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun budjetdan qo‘shimcha 600 milliard so‘m ajratiladi.

Yana bir muhim masala. Keyingi paytda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha samarali ish olib borilmoqda. Buni ajralish yoqasiga kelib qolgan, 23 mingga yaqin oila yarashtirilgani, ajrimlar soni 3 mingdan ziyodga kamaygani ham ko‘rsatib turibdi.
 
Lekin achchiq bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Bu raqamlar hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili 28 mingdan ziyod oila ajralib ketgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani edi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa, oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa... Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman. Oila – bu mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne'mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma'naviyat bor. Oilaviy baxt bu – eng ulug‘ saodatdir. 

Men yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas'uliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang. Men bu borada ko‘pni ko‘rgan mahalla faollari, muhtaram kayvonilar, ma'naviyatimiz va dinimiz fidoyilari, o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘lib kelayotgan yoshlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladilar, deb ishonaman” – dedi davlat rahbari.

Top