21:01 / 08.03.2021
16350

«Osmonda yulduz ko‘ra olmaydigan darajaga borib qolmaylik» - Ekoqo‘mita rahbarlari bilan katta suhbat

Ekologiya – qanchalik dolzarbligini biz doim ham to‘la anglayvermaydigan masala. Ammo buning tasdig‘ini ko‘rish uchun bugun uzoqqa borish shart emas.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi – O‘zbekiston havosi, suvi, tuprog‘i tozaligi va buning uchun qabul qilingan me'yorlarga hammaning amal qilishini ta'minlash uchun javobgar va vakolatli organ.

Shu tufayli ham faol jamoatchilikda ushbu organga savollar talaygina.

Kun.uz sohadagi ko‘plab muammoli masalalar yuzasidan qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov va boshqa mutasaddilar ishtirokida katta intervyu tashkil etdi.

«Agar o‘zimni tabiatga befarq tadbirkor deb olsam, unda o‘zim atmosferaga chiqindi chiqaryapman, o‘zim oqova suvlarga kimyoviy zaharlarni oqizyapman, o‘zim chiqindini belgilanmagan joyga tashlayapman. Keyin esa aptekaga borib, bolalarimga dori olyapman. Tabiatni o‘zim zaharlab, endi o‘zim davolanyapman...» – deya ayrim tadbirkorlar holatini tasvirladi Islombek Boqijonov.

«Biz ekologiyaga zarar yetkazayotgan korxonalarga nisbatan keskin choralar ko‘rib, sud orqali faoliyatini to‘xtatib qo‘ya olamiz. Masalan, bir korxona bir kun ishlamasa, uning 300 yoki 500 nafar ishchisining uyida qozoni qaynamaydi. Bu tomonini ham o‘ylashimiz kerak-da.

Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov

Shuning uchun biz keskin choralar qo‘llashdan oldin bosqichma-bosqich sharoit yaratishimiz kerak. O‘zimizda ayb bo‘lgan, o‘sha korxona ochilayotgan paytda biz shuni talab qilmaganmiz. Agar boshida qattiqroq tursak edi, u korxona hali ish boshlamasidan, o‘sha 500 kishini ishga olmasidan oldin zarur choralarni ko‘rganda, ya'ni ekologiyaga zararni minimallashtiradigan texnologiyalarni joriy etganida, to‘g‘ri bo‘lardi. Shu sababli ham biz hozir yangi ochilayotgan korxonalarga talab qo‘yyapmiz.

O‘zim guvoh bo‘ldim. Toshkent shahrining o‘rtasida bitta katta zavod qurgan. U zavoddan atmosferaga chiqindi chiqadi, zavodning shundoq yonida esa – aholi uylari. Shunga qaramay bu zavod qurilgan. Endi uni ko‘chiramiz desak, faoliyatini to‘xtatib qo‘yamiz desak, u bir necha yuz yoki ming kishini ish bilan ta'minlagan.

Yirik korxonalar trillionlab soliq to‘lashadi, to‘g‘ri, lekin soliq to‘ladi, davlatga foyda keltirdi degan bilan atmosferani unutmasligimiz kerak-da.

Shu masalalarga yetarlicha e'tibor berilmagani uchun ham Xitoydagi ko‘plab shaharlar aholisi hozir kechasi osmonda yulduzni ko‘ra olmaydi. Biz ham havo ifloslanishi sabab yulduzlarni ko‘ra olmaydigan darajaga borib qolmasligimiz uchun hozirdan harakat qilishimiz kerak. Shu yo‘lda harakat qilyapmiz ham», – deydi Ekoqo‘m raisi o‘rinbosari.

Bir yarim soat davom etgan suhbat ekologiya sohasidagi ko‘plab muhim muammolarni qamrab oldi. Unda, xususan, quyidagi mavzularda so‘z bordi:

  • Toshkentdagi mahallalarning birida yana o‘nlab daraxtlar kesildi.
  • Ekologiya qoidalari buzilgani haqida xabar berganlarga pul to‘lanadimi?
  • Qurilish chiqindilari muammosi qanday hal etiladi?
  • Havoni ifloslantirayotgan, odamlarni kasal qilayotgan zavodlar
  • «Kattalar»ga tegishli korxonalarga Ekoqo‘mitaning kuchi yetadimi?
  • «Dunyoning ayrim shaharlarida havo ifloslanganidan kechalari yulduzni ko‘rib bo‘lmaydi. Biz ham shu darajaga borib qolmaylik»
  • Ekologiyaga zarar yetkazganlik uchun jarimalar: tushgan pullar nimalarga sarflanadi?
  • «Olmoqchi edik, fikrimizdan qaytdik» — qo‘mitaning qimmatbaho mashinalari haqida
  • Toshkentda kanalizatsiyaga zaharli suvlarni oqizayotgan korxonalar masalasi
  • Korxona o‘rnatilgan tozalash filtrlarini ishlatyaptimi-yo‘qmi, bu qanday nazorat qilinadi? Ekologik monitoring haqida
  • Havoga, suvga, tuproqqa zararli chiqindilar chiqarayotgan zavodlar: ularni oldindan ogohlantirmay tekshirish
  • «Yiliga 200 mln so‘m kompensatsiya to‘laydigan korxonani kutilmaganda borib tekshirsa, 2 milliard so‘m to‘laydigan qilib chiqarsa bo‘ladi»
  • «Ekologiyaga zarar yetkazayotgan ham, aptekaga borib bolalarimizga dori olayotgan ham o‘zimiz»
  • Qurilish bo‘layotgan bog‘larda (Milliy bog‘, «G‘afur G‘ulom» va boshqalar) daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan. Xo‘sh, keyin-chi? Xatlovga olingan daraxt hozir sog‘-omon o‘z joyida turganiga kafolat bormi?
  • Moratoriy: Noqonuniy kesilgan 1ta daraxt o‘rniga 100tasini ekish va ularni 3 yil parvarishlash talabi qo‘yilgan. Ekilgan daraxtni 3 yil parvarish qilmaganga javobgarlik bormi?
  • Noqonuniy daraxt kesilishining oldini olgan fuqarolarga pul mukofoti to‘lanadi. Bu pul bir necha million so‘m bo‘lishi ham mumkin.
  • Tizimdagi korrupsiya: sog‘ daraxtni kasal deb yozdirib, uni «qonuniy» kesish haqida
  • Toshkentning Navoiy ko‘chasidagi daraxtlar inventarizatsiyasi
  • Daryolardan noqonuniy shag‘al qazib olish. «Texnika yollab, shag‘al qazib olishga boring, inspektorimiz 20 daqiqada yetib boradi»
  • Shaharlarda yuk mashinalaridan chiqayotgan chiqindilar. Toshkentga kirib-chiqadigan avtomobillarning «glushitel»idan chiqayotgan ajralmalar me'yorini o‘lchash boshlanadi.
  • Qurilishlardan ko‘tarilayotgan chang. Ekologlar buni qanday hal qilmoqchi?

To‘liq suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling. Va unutmang, ekologiya – siz, oilangiz va yaqinlaringiz salomatligi demakdir. Salomatligingizga befarq bo‘lmang.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Top