14:36 / 09.03.2021
11411

Germaniya yangi elektrmobil va gibrid avtomobillar savdosi bo‘yicha AQShni quvib o‘tdi

2020 yilda Germaniyada 395 mingga yaqin elektrmobil va gibrid avtomobillar sotilgan, AQShda esa bu ko‘rsatkich – 322 mingta. Xitoy eng yirik bozor bo‘lib turibdi.

Germaniya 2020 yilda yangi elektrmobil va plagin-gibrid (quvvatlash uchun elektr tarmog‘iga ulanish imkoniga ega gibrid avtomobillar) ulovlar bo‘yicha AQShni ortda qoldirdi. Bu ma'lumotni 9 mart kuni Baden-Vyurtemberg federal yerida joylashgan «Quyosh va vodorod energiyasini tadqiq qilish markazi» taqdim qildi.

O‘tgan yili Germaniyada 395 ming yangi elektrmobillar qayd etilgan va bu bir yil avvalgidan 264 foizga ko‘proq. AQShda esa, 2020 yilda bunday avtomobillarning 322 mingtasi ro‘yxatga olingan. Boshqa davlatlar ularga yaqin ham kelmagan. Masalan, Fransiyada bu ko‘rsatkich 195 ming dona bo‘lsa, Buyuk Britaniyada 175 ming, Norvegiyada esa 108 mingni tashkil qilgan.

Elektrmobillar uchun eng yirik bozor Xitoy bo‘lib qolmoqda – 2020 yilda 1 million 250 ming ekologik toza ulov qayd etilgan. Bu jahondagi elektrmobillarning uchdan biridan ko‘proq (3,18 million). Biroq Xitoyda e-mobillarga talab atigi 3 foizga o‘sgan, dunyoda esa 38 foizga.

Volkswagen va BMW – elektrmobil ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatining «kuchli beshligi»da

Undan tashqari, Germaniyaning ikki avtogiganti e-mobil va plagin-gibrid ishlab chiqaruvchi top-5 kompaniya qatoridan joy oldi. Volkswagen 422 ming dona bilan ikkinchi o‘rinni oldi, BMW esa 193 minglik marra bilan to‘rtinchi bo‘ldi. Undan oldinda Xitoyning SAIC davlat korxonasi joylashgan. Umumiy ro‘yxat mutlaq peshqadami esa AQShning Tesla kompaniyasi – 500 ming elektrmobil.

2020 yilning oxiriga kelib dunyoda qariyb 11 million elektrmobil va plagin-gibrid mashinalar mavjud edi. Ularning yarmi Xitoyda, 1,77 millioni AQShda. Germaniyada ularning umumiy miqdori 569 ming dona. «Shunday qilib, Germaniya hukumatining ulkan rejalariga yetishga hali ancha bor. 2030 yilga borib Germaniya yo‘llarida 7-10 million e-mobil va gibrid mashinalar yurishi uchun bu ko‘rsatkich har yili milliontaga oshishi kerak», deyilgan Markaz hisobotida. 

Top