01:14 / 10.03.2021
12307

O‘zbekistonda sayg‘oqlar soni yuzga yaqin ekani aniqlandi

Hozirda O‘zbekistonda 100ga yaqin sayg‘oq yashaydi. O‘zFA Zoologiya instituti va «Saygachiy» kompleks (landshaft) buyurtmaxonasi xodimlari olib borilgan o‘rganishlar natijasida shunday xulosaga keldi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Sayg‘oq – «Qizil kitob»ga kiritilgan va u butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan juda noyob tur hisoblanadi.

Fanlar Akademiyasi xabariga ko‘ra, 2021 yilning fevral oyida «Saygachiy» kompleks (landshaft) buyurtmaxonasida doimiy marshrutlarda sayg‘oqlarning sanog‘i o‘tkazilgan.

Sayg‘oqlarni sanash jarayonida kompleks buyurtmaxona hamda FA Zoologiya institutining Kamyob hayvon turlari hisobi va kadastri laboratoriyasi xodimlari ishtirok etgan.

«Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda qo‘riqxona hududida rezident (mahalliy) va qishki janubga ko‘chish paytida chegara devoridagi o‘tish joylari orqali Qozog‘istondan kirib kelishi mumkin bo‘lganlar bilan birgalikda 100ga yaqin sayg‘oq yashaydi.

2012 yildan beri qo‘llanilayotgan doimiy yo‘nalishlar bo‘yicha sayg‘oqlarni ro‘yxatga olish metodini qizg‘in va ijodiy muhokama qilish natijasida mavjud ro‘yxatga olish yo‘nalishlarining joylashishi, ro‘yxatga olish muddati va mohiyati bo‘yicha uni takomillashtirishga doir fikrlar bildirildi. Bu sanoqning samaradorligi va ishonchliligini oshirishi kutilmoqda», – deyiladi ma'lumotda.

Shuningdek, qo‘shimcha qilinishicha, sayg‘oqlarning maksimal soni 2012 yilda qayd etilgan va 525tani tashkil etgan.

«2012 yilning aprel oyida ushbu metod orqali sanoq o‘tkazilganda o‘rganilayotgan hududdagi sayg‘oqlarning maksimal soni qayd etilgan va 525tani tashkil etgan. 2021 yilda 10 nusxagacha bo‘lgan hayvonlar kichik guruhlarining yangi izlari qayd etildi.

Shuningdek, qish mavsumida kompleks bo‘ylab joylashtirilgan fotoqopqonlarda bir necha bor qayd etilgan», – deyiladi xabarda.

Top