22:20 / 10.03.2021
8577

Samarqandda «Damas» urib yuborgan bolaning ahvoli og‘irligi ma'lum qilindi

Foto: Samarqand viloyat IIB YHXB axborot xizmati

Samarqand viloyati Paxtachi tumani hududida odam urib yuborish bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Yo‘lda harakatlanib kelayotgan «Damas» avtomashinasi ko‘cha chetida o‘ynab yurgan 10 yoshli bolani urib yuborgan. Oqibatda bola boshi bilan yo‘l chetidagi betonga borib urilgan va og‘ir jarohat olgan.

Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hodisa 7 mart kuni kunduzi soat 17:00 larda sodir bo‘lgan. Paxtachi tumani Fay mahallasida yashovchi shaxs tomonidan boshqarilgan «Damas» avtomashinasi bolani urib yuborgandan so‘ng, beton ustunga borib urilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida haydovchi tan jarohati olmagan va og‘ir jarohat olgan bolani u hamda bolaning yaqinlari zudlik bilan shifoxonaga olib borishgan. Shifokorlar kerakli tibbiy yordamni ko‘rsatganiga qaramasdan bolaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Qayd etilishicha, bola tumandagi 17-maktabning 3-sinfida o‘qiydi. Tuman IIB YHXB xodimlari tomonidan mazkur maktabda va haydovchi istiqomat qiladigan Fay mahallasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan aholi o‘rtasida targ‘ibot olib borilgan. Ota-onalarga bolalariga e'tiborli bo‘lishlari, maktab o‘quvchilariga esa ko‘cha chetlarida o‘ynamaslik uqtirilgan. 

Top