21:58 / 11.03.2021
4207

Isroil bosh vazirining BAAga safari to‘rtinchi marta qoldirildi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 11 martga BAAga belgilangan safarini qoldirdi. Isroil radiostansiyasi bunga Iordaniya Netanyahuning samolyotiga o‘z hududidan uchib o‘tishni ma'qullamaganini sabab qilib ko‘rsatdi.  

Foto: Reuters

Avvalroq The Times of Israel nashri Isroil bosh vaziri o‘z rafiqasi Sara Netanyahu ko‘richak xurujiga gumon bilan 11 martga o‘tar kechasi shifoxonaga yotqizilgani sababli safarni keyinroqqa ko‘chirganini ma'lum qilgan.  

Bungacha Netanyahuning BAAga safari Isroildagi karantin cheklovlari sababli 3 marta qoldirilgandi.

Biroq Isroilning KAN radiostansiyasining xabar berishicha, Isroil bosh vaziri BAAga safarini Iordaniya aviatsiya idoralari bilan o‘z samolyotining yo‘nalishi bo‘yicha kelishmagani sababli bekor qilgan.  

“Iordaniya o‘z hududi uzra bosh vazir parvozi yo‘nalishini ma'qullamadi”, deb ma'lum qilingan vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib radiostansiyada.

Ta'kidlanishicha, Netanyahuning ushbu safari uning Fors ko‘rfazi davlatlariga birinchi safari bo‘lishi kutilgandi.

2020 yil sentyabrda Isroil AQSh vositachiligida BAA va Bahrayn bilan munosabatlarning yaxshilanishi haqidagi kelishuvni imzolagandi. Bungacha Isroil arab davlatlaridan faqatgina Misr va Iordaniya bilan diplomatik aloqalarga ega bo‘lgan.

Top