21:53 / 11.03.2021
8292

Qirg‘iziston yoshlariga O‘zbekiston OTMlarida o‘qish uchun grantlar ajratish rejalashtirilmoqda

Qirg‘iziston yoshlariga O‘zbekistonning yetakchi OTMlarida o‘qish uchun har yili ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha grantlar ajratish rejalashtirilmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tgan muzokaralardan so‘ng shu haqda ma'lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda qirg‘iz millatiga mansub 300 mingga yaqin fuqaro yashaydi. Ikki mamlakat rahbarlari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida madaniyat va kino kunlari, yoshlar forumlari, festival va ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishib olishgan.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda dastlab O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘z oldi.

«Biz ikki tomonlama munosabatlarning barcha dolzarb masalalarini muhokama qildik. Ustuvor e'tibor savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish choralarini ko‘rishga kelishib oldik. Shu maqsadda ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalar faollashishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 900 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan yangi loyihalar amalga oshiriladi. Ularning barchasi hozirgina qabul qilingan «yo‘l xaritasi»ga kiritildi. Investitsiya jamg‘armasining tashkil etilishi bu loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston – Qirg‘iziston sherikligida, shubhasiz, muhim o‘rin tutadigan hududlararo hamkorlikni faollashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Biz chegaraoldi viloyatlar hokimlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, aniq loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga kelishib oldik.

Ishonchli va samarali transport yo‘laklari mamlakatlarimiz iqtisodiyotlari uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu borada so‘z yuritganda, avvalo, «O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» temir yo‘li hamda «Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkeshtom-Qashg‘ar» multimodal yo‘lagini qayd etish lozim. Biz ushbu yo‘nalishlarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish to‘g‘risida ahdlashib oldik», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Sadir Japarov ham muzokaralar natijalaridan mamnun ekanini qayd etdi.

«O‘zbekiston – Qirg‘izistonning asosiy savdo sheriklaridan biridir. O‘zaro hamkorlikning barcha jihatlarini faollashtirish maqsadida parlamentlararo va hukumatlararo komissiyalar majlislari, chegaraoldi viloyatlar hokimlarining uchrashuvlari yaqin vaqtlarda o‘tkazish rejalashtirildi. Biznes vakillariga qulay muhit yaratish, tovar ayirboshlash hajmini oshirishga kelishib oldik», – dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Top