14:15 / 12.03.2021
2805

2020 yilda Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida qariyb 350 mln dollar yordam mablag‘lari jalb qilingan

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining 2020 yilda Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi, deb xabar bermoqda Senat axborot xizmati.

Hisobot davrida Turkiya va Rossiyaga oliy darajadagi rasmiy tashriflar, O‘zbekiston prezidenti nomidan xorijiy mehmonlar qabullari, oliy darajadagi 80dan ziyod onlayn muloqotlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, prezident qaror va farmonlari, oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ni, diplomatik yo‘nalishlar orqali turli xalqaro tadbirlar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish rejalarini ijro etish maqsadida 32ta ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida global koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida qariyb 350 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari va moddiy-texnik yordam mablag‘larini jalb qilishga erishildi.

Shu bilan birga, Senat tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida, shuningdek, uning xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi muhokamasida Tashqi ishlar vazirligi faoliyatida qator muammo va kamchiliklar mavjudligi ta'kidlandi.

Xususan, O‘zbekistonda diplomatik xizmatning faoliyat yuritishi va yanada rivojlanishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zarurligi alohida ta'kidlandi.

Diplomatik vakolatxonalar tashabbusi bilan investitsiya loyihalari sifatli va keyinchalik o‘z vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan tizimli ishlar olib borilmaydi.

Strategik nuqtayi nazar mavjud emas, respublika chegara hududlarida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning muhim elementi bo‘lgan chegaraviy hamkorlik rivojlantirilmagan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro bitimlarini hisobga olish va bajarishning yagona elektron tizimi (ma'lumotlar bazasi) hali ham ishlamayotgani qayd etildi.

Senat yalpi majlisida muhokama yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy kengashlari, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli idoralarga aniq ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi. Masala yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Top