11:43 / 12.03.2021
7305

Ishga jalb qilingan mahkumlar kiyim-bosh va poyabzal bilan to‘liq ta'minlanmagan - Senat

Parlament yuqori palatasining o‘n uchinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi. 

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Ta'kidlanishicha, ombudsman va uning joylardagi vakili tomonidan 7ta asosiy soha bo‘yicha ishlar qilingan.

Shu bilan birga, vakilning aholi murojaatlari bilan ishlashda o‘tgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy o‘zgarishlarga erishilgan bo‘lsa-da, hisobot davrida 176ta murojaat qonun talablariga muvofiq belgilangan tartibda anonim, deb topilgan. Biroq, mazkur murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni vakil tashabbusi bilan ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan huquqiy targ‘ibotning samarali tashkil etilmagani oqibatida qamoqda saqlash joylarida bir qator kamchiliklar hamda o‘z yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Ya'ni:

  • jazoni ijro etish muassasasi xodimlari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonundan to‘liq xabardor emasligi;
  • ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan to‘liq ta'minlanmagani tanqid qilindi.

Bundan tashqari, vakilning mintaqaviy vakillari o‘z faoliyatini targ‘ib qilish ishlarini samarali yo‘lga qo‘ymagani ta'kidlandi.

Majlisda senatorlar tomonidan:

  • “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi va “Bolalar Ombudsmani to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini ishlab chiqish;
  • jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o‘tash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • murojaatlar bilan ishlashda tahlillarga asoslangan holda fuqarolar huquqlari buzilishi to‘g‘risida axborotni shakllantirishning yagona mezonini ishlab chiqish, shuningdek, anonim murojaatlarni ham e'tiborga olish;
  • Konstitutsiyaviy sud ko‘rib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish vakolatidan faol foydalanish tavsiya etildi.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga:

  • bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlari kafolatlarini ta'minlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning ta'sirchan tizimini yaratish maqsadida Bola huquqlarini ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasini yil yakuniga qadar ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga kiritish;
  • vakolatli organ tomonidan bolalarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga qilgan murojaatlari to‘liq ko‘rib chiqilishini ta'minlash hamda qanoatlantirilgani ustidan doimiy monitoring yuritish tizimini joriy etish;
  • harakatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilgani aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida tegishli organlarga iltimosnoma yuborish bo‘yicha faoliyatini kuchaytirish;
  • “Mehribonlik uyi” bitiruvchilarining yashash uylari hamda doimiy ish joylari bilan ta'minlanishi bo‘yicha muntazam monitoring o‘rnatish borasida tavsiyalar bildirildi.

Masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Top