20:22 / 12.03.2021
23292

Jurnalist va blogerlarda xavotir uyg‘otgan qonun Senatda ma'qullandi

O‘zbekistonda hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka ommaviy da'vat qilish Jinoyat kodeksiga kiritilyapti. Odamlarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka chorlash esa MJtKga kiritilib, buning uchun kamida 14,7 mln so‘mlik jarima belgilanmoqda.

Foto: Senat axborot xizmati

Jinoyat, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar va «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritishga doir qonun Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida ma'qullandi.

Axborot sohasiga doir yangi javobgarlik choralarini e'lon qiluvchi mazkur qonunning loyihasi e'lon qilinganida, jurnalist va blogerlar uni xavotir bilan qarshi olgandi.

Yangi qonun bilan, Jinoyat kodeksining 244-moddasida:

  • hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslikka;
  • ommaviy tartibsizlikka;
  • fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da'vat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi.

Qonun kuchga kirsa, bu moddada aybdor deb topilganlar jarimaga tortilishi, axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi, ozodligi cheklanishi yoki 5 yilgacha qamalishi mumkin.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga:

  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga ommaviy da'vat qilganlik;
  • fuqarolarni qonunchilik talablarini bajarmaslikka yoki buzishga OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internet, matnni nashr etish yoki boshqa shaklda ko‘paytirish turlaridan foydalangan holda ommaviy da'vat qilganlik uchun jarima jazosi kiritiladi (201-modda 1-qism).

Jarima miqdori 60 BHMdan 80 BHMgacha etib belgilanmoqda. Ayni paytda bu miqdor 14,7-19,6 mln so‘mga teng.

Senatning 12 martdagi yalpi majlisida chiqish qilgan senator Farmon Toshev senatorlardan uni ma'qullab, ovoz berishni so‘radi.

Farmon Toshev / Foto: Senat axborot xizmati

«O‘zbekistonda keyingi to‘rt yilda so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratildi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari faoliyati uchun huquqiy asoslar ham yaratilyapti. Lekin shuni ham nazarda tutish kerakki, globallashuv davridagi axborot almashinuv jarayonida axborot xurujlari ham yuz beryapti.

Bunda veb-saytlar paydo bo‘lgani, insonlarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z so‘zini ayta olish imkoniyati berilgani har bir so‘zimizni o‘ylab gapirishga, nimagadir salbiy ta'sir ko‘rsatmaydigan, aksincha jamiyatdagi illatlarni yo‘qotishga xizmat qiladigan so‘zni aytishga xizmat qiluvchi mas'uliyatni keltirib chiqaradi.

Chunki ijtimoiy tarmoqqa juda ko‘pchilik kiryapti, juda ko‘pchilik yozyapti va ularni orasida tajribasizlari ham bor. Yoki ularda axborot tarqatish madaniyati shakllanmagani bizni ana shunday e'tibor qaratishga chorlayapti.

Shu qatori axborot egalari va tarqatuvchilarining ham mas'uliyat va javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham belgilab qo‘yilishi maqsadga muvofiq.

Ushbu qonunning maqsadi – veb-sayt va uning egalari, shu jumladan, blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikka da'vat etish, axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on ma'lumot tarqatish, zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilishning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normalari hisoblanadi.

Bu qonun endilikda veb-sayt egalari va shu jumladan blogerlarni o‘zlari yuritayotgan sayt va blogni doimiy ravishda monitoring qilib borishga da'vat etadi. Bu sohadagi munosabatlarning huquqiy aniqligini ta'minlaydi.Bunda barcha tomonlarning huquq va majburiyatlari aniq ta'minlanib, keyinchalik o‘z huquqlarini sud tartibida ta'minlashiga imkon beradi», – dedi asli kasbi jurnalist bo‘lgan senator.

Farmon Toshev qonun parlament quyi palatasiga kiritilgunga qadar «jamoatchilik, jurnalist va blogerlar bilan kelishilgani»ni qo‘shimcha qilib ketdi va batafsil aniqlik kiritmadi. Avvalroq Kun.uz suhbatlashgan bir necha jurnalist va bloger taklif etilayotgan javobgarlik choralarini ma'qullamasligini bildirgandi.

Farmon Toshevdan so‘ng so‘z olgan Senat raisi Tanzila Norboyeva bu qonunni so‘z erkinligi va axborotni biror-bir tarzda cheklovchi sifatida talqin etmaslikni so‘radi.

Tanzila Norboyeva / Foto: Senat axborot xizmati

«Mamlakatimizda so‘z erkinligi bor va bu har kimning konstitutsion huquqi. Xuddi shuningdek, har bir insonga istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi kafolatlangan.

Biroq bu huquq va erkinliklardan jamiyat, shaxs va davlatning huquq va manfaatlariga qarshi foydalanmaslik kerak. Qonunga bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, odamlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish jinoyatmi? Jinoyat. Shunday ekan, nega ularga da'vat qilish jinoyat bo‘lmasligi kerak?

Shu bois bu normalar hayotiy zarurat ekanini chuqur anglashimiz kerak.

Bu qonun quyi palatada ko‘rilayotgan paytda turli talqinlar bo‘lib ketdi. Xuddi biz so‘z erkinligiga daxl qilayotgandek. Qonun bunday emasligini Farmon Isoqovich va boshqa senatorlar ham ma'qulladi. Shuning uchun, bu qonunni qabul qilsak, biz bu makonda bo‘layotgan hodisalarni tartibga solamiz», – dedi qonun chiqaruvchi hokimiyat rahbari.

Tanzila Norboyevaning bu ta'kidlaridan keyin ovoz berishda qatnashgan senatorlarning barchasi qonunni ma'qullab ovoz berdi, qarshilar va betaraflar bo‘lmadi.

Qonun prezident tomonidan imzolanib, rasman e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Top