16:40 / 12.03.2021
28697

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri: Shohimardon bo‘yicha muammo yo‘q, So‘x yuzasidan muzokaralar davom etmoqda

12 mart kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan Qirg‘iz respublikasi tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev muxbirlarga intervyu berdi.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri ikki tomonlama muzokaralarni yuqori baholadi va ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan ikki davlat, ikki xalqni o‘ylantirib turgan barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, tovar ayirboshlashni oshirish, chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasini jadallashtirish, O‘sh, Jalolobod, Botken oblastlari hamda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari o‘rtasida chegara nazorat-o‘tkazuv punktlarini kengaytirish bo‘yicha ham aniq vazifalar berildi.

Qirg‘iziston hududida hamkorlikda gidrotexnik loyihalar qurilishi, jumladan, «Qambarota-1» kaskadi loyihasi bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazildi. Ma'lumki, biz O‘zbekiston elektr energiyasiga ehtiyojimiz bor, o‘z navbatida, O‘zbekiston bizdan vegetatsiya davrida suv oladi. Mana shu jarayonlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi.

Ko‘p savollarga sabab bo‘ladigan anklavlar masalasida ham alohida muzokaralar o‘tkazildi. Shohimardon masalasida hozir savollar yo‘q, chegaralardagi barcha nazorat-o‘tkazuv punktlari ishlab turibdi. So‘x anklaviga kelsak, O‘zbekiston tomoni mavjud nazorat-o‘tkazuv punktlarini kengaytirish, yangilarini ochish taklifini bildirdi. Prezidentlar tomonidan bu masalani atroflicha o‘rganish va hal qilish vazifasi topshirildi. Yaqin vaqt ichida chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi bo‘yicha hukumatlararo komissiya ish boshlaydi va o‘shanda barcha masalalar yechimini topadi, deb o‘ylayman», deya Ruslan Kazakbayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top