17:20 / 12.03.2021
18697

To‘raqo‘rg‘onda yangi qurilgan bog‘cha yangiga o‘xshamaydi. U ikki yildan beri qayta ta'mirlanyapti

7-sonli davlat bog‘chasini kapital qurish uchun budjetdan 2,5 mlrd so‘mdan ortiq pul sarflangan. Qurilish bitgach esa, undagi kamchiliklarga qaramay, mas'ullar binoni qabul qilib olavergan.

Kun.uz saytiga murojaatlardan biri Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-MTT jamoasidan bo‘ldi. Shikoyatda ushbu MTT yaqinda yangidan qurilganiga qaramay, qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani bois turli nuqsonlar ko‘zga tashlanayotgani aytiladi.

Biz ushbu bog‘chaga borib, holatni o‘rgandik. Dastlab, tuman markazidan uncha uzoq bo‘lmagan 7-MTTdagi umumiy ahvol haqida so‘z yuritsak.

Foydalanishga topshirilganiga 2 yil ham bo‘lmagan MTT oshxonasida kafellar tushib ketgan, havo aylanish tizimi me'yorda emasligi bois devorlarning yuqori qismini mog‘or bosgan, ayrim xonalar devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan.

Guruhlarda bolalar hojatxonalarida oqova suvning oqishida ham muammolar bor.

Bog‘chani qurgan «To‘raqo‘rg‘on qurilish servis» xususiy korxonasi vakili Ismoil Turg‘unovning aytishicha, qurilishdan keyingi kamchiliklar va vujudga kelgan nuqsonlarni bartaraf etish uchun korxona barcha ishlarni bepul amalga oshiradi.

«Korxonamiz 2018 yil avgust oyida 7-MTTni kapital qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi va bu haqda 2018 yil dekabrida hokim qarori chiqarildi. Obektni topshirish ishlari yilning sovuq kunlariga to‘g‘ri kelgani sababli hozirgacha uning asoratlari bo‘y ko‘rsatib turadi.

Bunday nuqsonlar asosan pardozlash ishlarida ko‘zga tashlanadi, ularni biz bartaraf qilib beramiz. Bino konstruksiyasida xatarli ishlar bo‘lmagan. Biz kafellar ko‘chishi bilan bog‘liq kamchiliklarni ham tuzatishga kafolat xati yozib berganmiz. Bularni tez kunlarda bartaraf etamiz. Bunday holatlarga karantin vaqtida tashkilot ishlamagani ham sababdir», – dedi Ismoil Turg‘unov biz bilan suhbatda.

Turg‘unovning aytishicha, binoning tender narxi 2 mlrd 544 mln so‘mga baholangan. Bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ning 95,5 foizi to‘lab berilgan.

Shu o‘rinda bir jihatga e'tibor qaratishni istardik. Bizga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, garchi bino qurilishi 2019 yil fevralga qadar deb belgilangan bo‘lsa-da, tuman hokimining 2018 yil 29 dekabrdagi qarori bilan MTT foydalanishga qabul qilingan.

7-MTT mudiri Mahbuba Xoliqovaning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bildirishicha, tuman hokimi qaroriga «To‘raqo‘rg‘on qurilish servis» XK xati va davlat qabul hay'atining dalolatnomasi asos qilib ko‘rsatilgan. Biroq, Xoliqova ushbu bildirishnomaga imzo qo‘ymagan, chunki binoda foydalanishga topshirilmasdan avvalroq qator kamchiliklar bo‘lgan. Ammo, dalolatnomaga mudir o‘rniga tuman MTB rahbari Zaynabxon Umarova imzo chekkan.

Ixtiyorimizdagi hujjatlarga nazar soladigan bo‘lsak, MTT qabul qilinganidan ko‘p o‘tmasdanoq, bino va hududda kamchilik va nuqsonlar aniqlana boshlangan. Albatta, qurilish korxonasi ularni ta'mirlab berish bo‘yicha kafolat xati ham yozib bergan.

Yangi qurilgan MTT binosida ko‘rilayotgan bunday kamchiliklar yuzasidan izoh so‘rab, viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdufattoh Yo‘ldoshevga murojaat qildik.

«Buyurtmachi – Namangan viloyati hokimligi «Yagona buyurtmachi» injiniring kompaniyasi tomonidan pudratchi tanlab olingan. Bajarilayotgan qurilish ishlarining hajmi, sifati ushbu injiniring kompaniyasi tomonidan nazorat qilib borilgan. MTB ham oyiga bir marta borib, tekshirib turgan.

Ma'lumki, davlat Arxitektura nazorat inspeksiyasi qurilish ishlarining asosan sifatini ko‘rib boradi. Asosiy pardozlash ishlari yilning noyabr-dekabr oylariga to‘g‘ri kelgan. Quruvchi tomonidan bino konstruksiyasida hech qanday o‘zgarishga yo‘l qo‘yilmagan. Loyihada nima nazarda tutilgan bo‘lsa, barchasi bajarilgan, loyihadan chetga chiqish bo‘lmagan», – deydi MTB boshlig‘i o‘rinbosari.

Abdufattoh Yo‘ldoshev, Namangan viloyati MTB boshlig‘i o‘rinbosari

U, shuningdek, pudratchi tashkilot binoda aniqlanayotgan kamchiliklarni ikkinchi yildirki o‘z hisobidan tuzatib, ta'mirlab berayotganini ham qayd etdi.

«Quruvchiga rahmat, kamchiliklarni tuzatib berishini aytdi. Lekin, ular qilib bermaslikka haqi bor. Chunki qurilishning kafolat muddati bir yil bo‘ladi. 2019 yil mart-aprel oylarida qurilishni qaytadan qilib bergan. Chunki pardozlash ishlari qish vaqtida bajarilgani sababli, bahorga kelib devorlarning ko‘p joyida suvoqlari ko‘chgan. Pudratchi tashkilot o‘sha kamchiliklarni tuzatib bergan», – dedi Abdulfatto Yo‘ldoshev.

Xullas, oradan salkam 2 yil o‘tayotgan bo‘lsa-da, bir tomondan qurilish korxonasiga puli to‘liq to‘lab berilmagan, ikkinchi tomondan yangidan qurilgan MTT binosida nuqsonlar ham barham topmayapti. Ayni kunlarda ushbu MTTda yana tuzatish-ta'mirlash ishlari davom etmoqda.

Biz davlat qabul hay'ati 2018 yil 28 dekabrida MTT binosi foydalanishga yaroqli bo‘lmasa-da, nima uchun qabul qilishga doir dalolatnomani imzolagani haqidagi savolga javob topolmadik.

Nahotki, shu yillarda qurilgan va foydalanishga qabul qilingan binolar ko‘r-ko‘rona qabul qilingan bo‘lsa?!

Masalaning kishini o‘ylantiradigan yana bir jihati bor.

Qurilgan va qurilayotgan MTTlarning qanchasida qurilish-ta'mirlash ishlari sifatli bajarilgan, qanchasida ishlar xo‘jako‘rsinga, «mendan o‘tguncha, egasiga yetguncha» qabilida bajarilmoqda ekan?! Bu ishlarning sifatini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish mexanizmi nima uchun ishlamayapti?

Axir, MTTlarning hech biri ko‘chadan supurib olinayotgan pullarga barpo qilinayotgani yo‘q, respublika va mahalliy budjet hisobidan, soliqchilar to‘layotgan pullar evaziga barpo qilinmoqda. Ayniqsa, yangidan qurilayotgan binolar kamida 4-5 yil ta'mirsiz, qo‘shimcha xarajatsiz xizmat qilishi kerak emasmi? Axir, har bir yangi MTTga sarflanayotgan pullar haqida so‘z ketganda milliardlardan gapirilmoqda!

Yo‘ldoshevga ko‘ra, 2018-19 yillarda MTTlarni qurish va ta'mirlash ishlari Namangan viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi» injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilgan. Shunga binoan, asosiy nazorat ham ushbu tashkilot zimmasida bo‘lgan. Endilikda, MTTlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash ishlari uchun Maktabgacha ta'lim vazirligining Injiniring kompaniyasi tashkil etilgan.

MTV huzurida tashkil etilgan Injiniring kompaniyasi o‘z vazifasini sidqidildan bajarishi, har bir ishlatilayotgan qurilish materiallari standartlarga muvofiq kelishini jiddiy nazoratga olishi, bajarilgan ishlar sifatini tanqidiy baholashi lozim. Aks holda, yuqoridagi holatlar boshqa bog‘chalarda ham bo‘y ko‘rsatmasligiga hech kim kafolat bermaydi.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top