16:34 / 15.03.2021
7978

«O‘zstandart» O‘zbekistonga olib kirish taqiqlangan mahsulotlar bo‘yicha ma'lumot berdi

«O‘zstandart» agentligi O‘zbekistonga kirib kelgani taxmin qilinayotgan ba'zi mahsulotlar haqida ma'lumot berib, ulardan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

«O‘zstandart» agentligining ma'lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi (YeI) va Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) davlatlarida sifatsiz va xavfli deb topilgan ayrim mahsulotlarning ro‘yxati shakllantirildi.

Agentlik quyidagi mahsulotlar O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, ulardan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Instant hand sanitiser – qo‘llarni dezinfeksiyalash vositasi

Mahsulot nomi - Instant hand sanitiser, ishlab chiqaruvchi davlat - Xitoy. Mahsulot 50 ml.lik yashil qopqoqli plastik idishda bo‘lib, onlayn ravishda, xususan, AliBaba Group orqali sotilgan.

Mahsulotda etanol moddasi me'yoridan kam (o‘lchov qiymati: hajmi bo‘yicha 11 foiz). Bu esa foydalanuvchini bakteriya va mikroblardan himoya qilmasligi va kasallik yuqtirishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, mahsulot tarkibida metanol (o‘lchov qiymati: hajmi bo‘yicha 26 foiz) moddasi mavjud. Bu modda asab tizimi va ko‘zga sezilarli darajada ta'sir qiladi.

Bundan tashqari, mahsulotda xavf-xatar va qanday foydalanish haqida yo‘riqnoma mavjud emas. Shuningdek, agarda foydalanuvchi yoki yosh bola metanol moddasini ichib yuborsa, o‘limga olib kelishi, ko‘zga tegsa ko‘rish qobiliyatini yo‘qotishga olib keladi. Xabarnoma Shvetsiyadan tarqatilgan. 

Decor lamp – stol lampasi

Agentlikning ma'lum qilishicha, Xitoyda ishlab chiqarilgan Decor lamp stol lampalari jiddiy tahdidli mahsulot sifatida ro‘yxatga olingan. Mahsulot simlari noto‘g‘ri ulangan. Erib ketishga moyil simlar mahsulotning burchak qismlariga tegib turadi. Natijada foydalanuvchi elektr toki o‘tgan joyga tegib, tok urishidan zarar ko‘rishi mumkin.

Mahsulot past kuchlanuvchi elektr jihozlari ko‘rsatmasi va Yevropa standarti EH 60598 talablariga javob bermagani uchun taqiqlangan. Xabarnoma Vengriyadan tarqatilgan.

SOLAR ZOOM CAMPING LAMP lampalari

Xitoyda ishlab chiqarilgan mazkur mahsulot kuyish, elektr toki urishi va yong‘in keltirib chiqish ehtimoli yuqori bo‘lgani uchun olib kirishga taqiq qo‘yilgan. Xavfli tomoni: tarmoq ichidagi elektr simlar ingichkaligi tufayli ishlatish jarayonida erib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, mahsulot elektr vilkasining plastik qismi erib ketishga moyil. Elektr quvvatlagich simlari va USB portining izolyatsiyasi talabga javob bermaydi. Mahsulotning ayrim qismlarini hech qanday anjomsiz ochish mumkin. Natijada foydalanuvchi elektr tok urishidan zarar ko‘rishi yoki bu holat yong‘in chiqarishi mumkin.

Mahsulot past kuchlanishli elektr uskunalari to‘g‘risidagi ko‘rsatma va Yevropa standarti EH 60598 talablariga javob bermagani sabab Vengriyada taqiqlangan.

 Papier thermique Sans BPA 48g – termik qog‘ozi

Qayd etilishicha, qog‘oz jiddiy tahdidli mahsulot sifatida ro‘yxatga olinib, ishlab chiqarilgan davlati ma'lum emas va onlayn tarzda sotilgan. Mahsulot tarkibida ortiqcha miqdordagi bfenol A (BPA) mavjud (o‘lchov qiymati: og‘irligi 9,2 foiz). BPA inson va hayvonlarning gormonal tizimlariga ta'sir qiluvchi modda sifatida aniqlangan. Bundan tashqari, u ko‘zga zarar yetkazadi va inson terisida allergiya qo‘zg‘ashi va nafas olish yo‘llarini tirnashi mumkin. Xabarnoma Lyuksemburgda tarqatilgan.

Hi Swell! – zargarlik o‘yinchoqlar to‘plami

Xitoyda ishlab chiqarilgan mazkur mahsulot xushbo‘y hidli zargarlik buyumlarini va kanstovar mahsulotlarini yasash uchun mo‘ljallangan. Ananas ko‘rinishidagi plastik marjon materialida haddan tashqari ko‘p miqdordagi Di-izononilftalat (DINP) va Di ftalat (DEHP) mavjud (o‘lchov ko‘rsatkichlari: navbati bilan 23,3 foiz va 94,8 foiz). Ushbu ftalatlar bolalarning sog‘lig‘iga yoki reproduktiv tizimi va jigariga zarar yetkazadi. Xabarnoma Finlandiyadan tarqatilgan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning 15 mart holatiga ko‘ra, 876ta mahsulotning mamlakat hududiga olib kirilishi bo‘yicha taqiq o‘rnatilgan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimlariga kiritilgan 40ta sifatsiz mahsulotlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, sifatsiz mahsulotlarni respublikaga kiritilishining oldini olish maqsadida 75ta sertifikatlashtirish idoralari ogohlantirilib, faoliyati nazoratga olingan.

O‘zbekistonga kiritilishi taqiqlangan mahsulotlarning to‘liq ro‘yxati haqida sontrol.standart.uz elektron manzilida batafsil ma'lumot olish mumkin.

Top