20:41 / 15.03.2021
55299

Toshkent shahridagi bozorlarda karantin qoidalari kuchaytirilmoqda

Toshkent shahridagi bozorlarda karantin qoidalari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilmurod G‘aniyevga asoslangan holda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Dilmurod G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, 15 mart kuni poytaxt hokimligida o‘tkazilgan maxsus yig‘ilishda bozorlar va savdo komplekslarida amaldagi karantin tartib-qoidalarini kuchaytirish bo‘yicha qator rejalar kelishib olingan.

Jumladan:

  • bozorlar va savdo komplekslari hududlariga kirish darvozalarida bozor, SES, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari hududga kirayotgan aholining tibbiy niqoblarda bo‘lishini nazorat qilib boradi;
  • Infraqizil termometr (teplovizor)lar orqali bozor va savdo komplekslariga kirayotganlarning isitmasi doimiy o‘lchab kiritilishi qayta yo‘lga qo‘yiladi;
  • hududlarga kirayotgan barcha fuqarolarning qo‘llari antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilib kiritiladi;
  • bozorlar va savdo komplekslari hududlarida bozor va tegishli idoralar xodimlari bilan birgalikda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi;
  • shuningdek, jamiyatlar tomonidan maxsus moslamalar olinib, jamiyatlar hududini muntazam ravishda dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshiriladi;
  • bozorlar va savdo komplekslari sotuvchilari tibbiy niqoblar va qo‘lqoplarda savdoni amalga oshirishlari mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazoratga olinadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, bozor va savdo markazlarida savdoga qo‘yilgan mahsulotlar va xaridor o‘rtasida, ya'ni savdo rastasida shaffof to‘siq (qalin polietilen sellofan) bilan to‘silib, mahsulotlarni qo‘l bilan ushlab ko‘rishning oldi olinadi. Oziq-ovqat do‘konlarining kirish qismida maxsus to‘siqlar tashkil etiladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top