21:05 / 16.03.2021
5644

AQSh ekspertlari «Hisorak» va «To‘polang» suv omborlari to‘g‘onining xavfsizligini baholaydi

15 mart kuni AQShning gidrotexnika inshootlari xavfsiz faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislari guruhi O‘zbekistonga keldi. “Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, ular “Hisorak” va “To‘palang” suv omborlari holatini o‘rganadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh armiyasi harbiy muhandislar korpusi (United States Army Corps of Engineers, USACE) bilan erishilgan kelishuv doirasida amerikalik mutaxassislar 15-28 mart kunlari O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekgidroenergo» AJ, «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari bilan birgalikda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan «Hisorak» va «To‘palang» suv omborlarining holatini o‘rganadi.

Mutaxassislar ushbu gidrotexnika inshootlarining bugungi holati va yaxlitligini o‘rganadi, ularning faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tahlil qiladi. Tadqiqot natijalari asosida ehtimoliy nosozliklar modellarini ishlab chiqish, ularning yuzaga kelishi mumkin oqibatlarini tahlil qilish, to‘g‘onlarning texnik monitoringini o‘tkazish va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Avvalroq, 25-29 yanvar kunlari  USACE mutaxassislari suv omborlari xavfsizligini ta'minlash maqsadida mas'ul o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun onlayn-treninglar o‘tkazgan edi.

2020 yil may oyida Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv omborida sodir bo‘lgan texnogen ofat profilaktika choralari va mutaxassislarning kasb mahoratini oshirish muhimligini namoyish etdi. O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq, 2021 yilda O‘zbekistonda Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya texnik reglamentlari va tavsiyalarini qo‘llash va tasdiqlash, xorijiy davlatlarning suv omborlari xavfsizligi va ishonchli faoliyatini ta'minlash bo‘yicha zamonaviy tadbirlarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

USACE AQShda 1775 yil tashkil etilgan ilk davlat xizmatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu federal agentlik rejalashtirish, loyihalash, suv omborlari qurish va toshqinlardan muhofaza qilish hamda tabiiy ekotizimlarning biologik xilma-xilligini tiklash bilan shug‘ullanadi. Korpus AQShdagi 3 mingdan ko‘proq gidrotexnik inshootni ekspluatatsiya qilish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni ta'minlaydi, 110 mamlakatda gidrotexnika inshootlarini loyihalash, qurish, xavfsizlik bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va to‘g‘onlarning buzilishi oqibatlarini bartaraf etishga yordam beradi.

Top