19:40 / 16.03.2021
30666

Manba: Najmiddinxo‘ja Sharipov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mita rahbarligidan ketdi. U yangi lavozimda ish boshlaydi

2019 yil yanvaridan buyon Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga raislik qilib kelgan Najmiddinxo‘ja Sharipov Toshkent viloyati hokimiga o‘rinbosarlikka yuborilmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu ma'lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Najmiddinxo‘ja Sharipov Toshkent viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda. U bu lavozimda 2019 yil yozidan buyon ishlab kelayotgan Jamshid Abdusalomovni almashtiradi.

Najmiddinxo‘ja Shuhratovich Sharipov 1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2005 yilda Toshkent moliya institutini (bakalavr, magistr), 2012 yilda «Bank ishi», «Xalqaro valuta va kredit munosabatlari» yo‘nalishlarini tugatgan. 2012 yilda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

2003 yildan buyon Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tizimida turli lavozimlarni egallab kelgan. 2016 – 2018 yillarda Vazirlar Mahkamasida mehnat faoliyatini davom ettirgan. 2018 yilning may oyidan Xususiylashtirilgan korxonalarni rag‘batlantirish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

U prezidentning 2019 yilning 24 yanvardagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining raisi etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning kuzida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar UzAuto Motors kompaniyasi avtomobil narxlarini 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. UzAuto Motors esa bunga «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargandi.

Kompaniya o‘shanda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bayonotlarini populistik, harakatlarini esa mas'uliyatsizlik deb atagan va ushbu ssenariy eng yirik milliy korxonalardan birini bankrotlikka olib kelishi mumkinligini aytgan edi. Keyinroq, 2020 yil 21 sentyabrda UzAuto Motors Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori ustidan sudga murojaat qiladi.

2020 yilning 12 oktyabrida axborot muhiti, matbuot kotiblarining samaradorligi, ularning axborot bilan ishlash faoliyatidagi muammo va kamchiliklar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisini tanqid qilgan va qo‘mitaning UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi harakatlarini populistik deb atagandi.

Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan, arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga nisbatan shikoyat arizasi qanoatlantirildi va Maxsus komissiyaning 21/31-sonli ish bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas, deb topilgan. Qo‘mitaning apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmagan.

Top