16:30 / 16.03.2021
66672

Mashhurlashib borayotgan «innovatsion» kitoblar: til o‘rganish vositasimi yo lotereya?

Kun.uz so‘nggi vaqtlarda xorijiy tillarni tez va innovatsion metodlar orqali o‘rgatishda foydalanish mumkinligi haqida reklama qilinayotgan kitoblar ustida kichik surishtiruv o‘tkazdi. Natijalari har qanday o‘quvchini qiziqtirsa ajab emas...

Reklama va tashviqot

Oxirgi paytlarda xorijiy tillarni tez va innovatsion metodlar orqali o‘rgatishni va'da qiluvchi loyihalar ko‘paygandan ko‘paydi. Televideniye, ijtimoiy tarmoqlar, ko‘chadagi bilbordlar falon oyda ingliz, koreys, arab tillarini o‘rgatish bo‘yicha takliflarga to‘lib ketdi.

Keling, loyihalarning sayt va veb-sahifalariga razm solib ko‘ramiz.

Avval, so‘nggi vaqtlarda reklamaga zo‘r berayotgan Booknomy loyihasiga to‘xtalsak. Loyihaning saytida 2018 yildan buyon bu metod bo‘yicha 50 mingdan ziyod foydalanuvchi til o‘rgangani haqidagi fakt keltiriladi.

Bu raqam nihoyatda kattadek tuyuldi bizga va loyiha asoschisi, rahbari va qo‘llanma muallifi Odilbek Ikromov bilan suhbat qilishga qaror qildik.

Mualliflarning ta'kidlashicha, kitob AJ Hoge va XX asrning 50-60-yillarida faoliyat ko‘rsatgan atoqli Pol Pimsler metodlari asosida yaratilgan. Xoug va Pimslerlarning metodlari ingliz tilini faqat eshitib o‘rganishga asoslangan.

Suhbat chog‘ida O.Ikromovdan yuqoridagi 50 ming raqami qayerdan olingani haqida so‘radik. Uning aytishicha, sotilgan kitoblar adadiga tayanib shunday raqam hosil bo‘lgan.

Shu o‘rinda muallifning so‘zlari bizda shubha uyg‘otdi. Sababi Booknomy loyihasiga tegishli “Intensive English” darsligining 2020 yil 27 yanvarda bosmaga ruxsat berilgan nashri bir ming va 2020 yil 2 sentyabrdagisi  ham bir ming nusxada chop etilgan. Bir yilda ikki ming nusxada kitob chiqarib, 50 mingdan ziyod foydalanuvchi natijaga erishganligi har qanday odamda ham aytilayotgan raqamlarga nisbatan shubha uyg‘otsa ajab emas.

Endi “5 yulduzli darajaga ega dunyoning yetakchi 3D innovatsion metodikasi” deb bong urilayotgan TEDBOOK loyihasi haqida so‘z yuritsak. Loyiha saytida mazkur metod dunyoda birinchi raqamli ekani (!) aytilmoqda

Qaysi metodika bu? Odatda loyihalar biror metodika ustida ishlagan va/yoki unga sayqal bergan guruh yoxud shaxslar nomi bilan ataladi. Tedbook taklif qilayotgan metodikaning nomi nima? U qayerda birinchi raqamli deb tan olingan? Afsuski, bu faktni tasdiqlovchi biror havola keltirilmagan.  

Tedbook loyihasining rasmiy saytida ushbu metodika bo‘yicha Honkong, Tayvan va Xitoyda til o‘rganayotganlar soni keltirilgan.


Ammo, bu ma'lumotga ham hech qanday isbot-dalil keltirilmagan, ya'ni, havola yo‘q.

Tedbook loyihasi ijrochi direktori Abdurauf Olimov bunga izoh berar ekan, Google PlayMarket portalidan yuklab olingan mobil ilovalar sonidan kelib chiqib, bu metodika birinchi raqamli deb aytilishini ma'lum qildi. Ammo, aynan qaysi mobil ilova haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmadi.

Mualliflar

Loyihalarni tadqiq qilish jarayoniga chuqurroq kirganimizda mualliflar shaxsi bilan bog‘liq eng qiziq faktlarga duch keldik. As'asa-yu dabdaba bilan reklama qilinib, til o‘rganuvchilarga katta va'dalar berayotgan loyiha mualliflari pedagogika va metodologiya bo‘yicha mutaxassislikka yoxud dars berish tajribasiga ega bo‘lish uyoqda tursin, hatto oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan insonlar bo‘lib chiqdi.

Booknomy.uz loyihasi asoschisi, rahbari va iste'molchilarga falon so‘mdan sotilayotgan qo‘llanma muallifi Odilbek Ikromov hatto ingliz tilini yaxshi bilmasligini ham tan oldi.

Qanday qilib ingliz tilini bilmaydigan odam ingliz tilini o‘rgatadigan kitobning muallifi bo‘lishi mumkin?! Shu kitobdan foydalanib 6 oyda ingliz tilida erkin gapirib ketish mumkin bo‘lsa uning o‘zi nega hamon chet tilini bilmaydi?

Tasavvur qilib ko‘ring, siz o‘zingiz yoki biror yaqiningiz uchun salkam yarim million so‘mdan voz kechib bir kitob, 8 gigabaytlik fleshka va bitta quloqchindan iborat to‘plam sotib olib, katta umidlar bilan til o‘rganishga kirishasiz, mualliflar esa, sohadan xabari yo‘q. Eng ajablanarlisi, ular hatto ingliz tilini bilmaydi ham.

Darvoqe, Intensive English darsligining 2020 yil 27 yanvarda va 2020 yil 2 sentyabrda qilingan nashrlarida mualliflar nomlari orasida farq bor. 2020 yil 27 yanvardagi nashrida Shohijahon Abdullayev, Shahboz Mamatqosimov va Odilbek Ikromovlar mualliflar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2020 yil 2 sentyabrdagi nashrda Odilbek Ikromov yagona muallif sifatida ko‘rsatilgan.

Odilbek Ikromovning aytishicha, istiqbolda kitobning mualliflik huquqiga da'vogarlar ko‘paymasligi uchun birinchi nashrda ko‘rsatilgan qolgan ikki muallif ikkinchi nashrda mualliflar safidan chiqarilgan.

Booknomy Company nashrdan chiqargan Intensive English darsligi mualliflaridan biri sifatida titul varoqqa ismi yozilgan Shahboz Mamatqosimovning feysbukdagi sahifasida keltirilgan ma'lumotga  ishonsak, u Sankt-Peterburgdagi Vvedenskiy otelida barmen bo‘lib ishlagan. Suhbatimiz davomida, Odilbek Ikromov Shahbozning O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida o‘qigani, lekin oliy o‘quv yurtini tamomlay olmagani va mehmonxonada barmen bo‘lib ishlagani chin ekanini tasdiqladi. Bu o‘rinda, barmen bo‘lib ishlagan shaxs ingliz tilini o‘rgatuvchi mutaxassis bo‘la olmaydi, deyish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Zero, yigit kishiga qirq hunar oz. Dunyo milliarderlari ro‘yxatida yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgan Jyeff Bezos ham o‘z faoliyatini aynan kitob sotishdan boshlagan.

Shu o‘rinda, Intensive English darsligining ilk nashrida mualliflar qatorida qayd etilgan Shahboz Mamatqosimov asos solgan smartbook.uz loyihasi haqida ikki og‘iz to‘xtalib o‘tsak.

Arab tilini o‘rgatuvchi qo‘llanmaning 2020 yil kuz oylarida aylantirilgan reklamalaridan birida darslikni sotib olib, Umra safariga yo‘llanmalardan birini yutib olish mumkinligi aytiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, loyiha muassisi bo‘lgan korxona (rahbari Shahboz Mamatqosimov) Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga xat bilan murojaat qilib, smartbook mahsulotlarini xarid qilgan mijozlar o‘rtasida o‘ynaladigan lotoreyaga tikilgan 15ta umra yo‘llanmasini navbatdan tashqari taqdim qilishda amaliy yordam so‘ragan. Gunohlardan poklanish uchun boriladigan, yillab kutiladigan va uzun hamda qat'iy navbat asosida tashkillashtiriladigan umra ibodatiga NAVBATSIZ 15 yo‘llanma so‘ralishi navbatda turgan boshqa fuqarolarning haqqiga xiyonat ekani va bu qaysi mezonlarga to‘g‘ri kelishi haqidagi savollarni smartbook loyihasi asoschilariga qoldiramiz.

Din ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan bog‘lanib, mazkur xat haqida so‘radik. Mas'ullar navbatsiz yo‘llanma uchun hech kimga imtiyoz yoki ustunlik berilmasligini ma'lum qilishdi.

Qiziq tomoni, Qo‘mita bilan bog‘langach, yana bir bor smartbook.uzning qo‘ng‘iroqlar markaziga bilan bog‘lanib, umra yo‘llanmalari haqida so‘radik. Bizga javob bergan operator qiz, umraga yo‘llanmalar tayin ekanini aytdi.

Iste'molchilarni huquqlarini himoya qilish agentligi mas'ul xodimi ayni masaladan xabari borligini, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birga o‘rganib chiqilganligini, loyiha mualliflariga ham xat bilan chiqilganini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun: surishtiruvimiz davrida Smartbook.uz loyihasi mualliflari bilan ko‘rishib, suhbatlashish haqidagi taklifimiz javobsiz qoldirildi.

Metodika va mutaxassislar fikri

Endi e'tiborimizni tezkor til o‘rganish loyihalari taklif etayotgan metodik jihatlarga qaratamiz va bu borada mutaxassislar fikrlariga qiziqib ko‘ramiz.

Keling, metodika muallifi bo‘lgan AJ Hoge ning Effortless English Learning Yutub kanali savollariga bergan javoblarini tinglab ko‘raylik. Savol: “Ingliz tili ona tilisi bo‘lmaganlar tomonidan yaratilgan audiokitoblarga munosabatingiz qanday?”

AJ Hoge ning javobi: “Ingliz tilini o‘rganish uchun tavsiya qilmayman. Shunchaki axborot olish uchun, agar sizga qiziq bo‘lsa bu yaxshi. Ingliz tilingizni yaxshilash uchun o‘sha tilda gapiruvchidan o‘rganganingiz ma'qul. Zero gapirayotgan odam ko‘p xato qilishi, aksenti noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Masalan, men ispan tilini o‘rganmoqchi bo‘lsam, ispaniyalik, kolumbiyalik yoki meksikalikni tinglayman. Buning uchun men kanadalik yoxud britaniyalik odamdan o‘rganmayman”.

Booknomy kompaniyasining Intensive English darsligining audioyozuvlari esa, loyiha rahbari Odilbek Ikromovning aytishicha, “native speaker”niki emas. Ajoyib-a? O‘zi maqtab turgan metodika bo‘yicha na ingliz tili o‘rgangan, na darslikni yozayotib unga amal qilgan.

Booknomy kompaniyasining Intensive English loyihasi kitoblaridagi o‘zbekcha matnlarning sifati alohida mavzu. Yumshoq qilib aytganda, uslubiy, imloviy va grammatik xatolar juda ko‘p.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ingliz tili birinchi fakulteti Ingliz tili integrallashgan kursi kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mavluda G‘ulomova Booknomy darsligi haqida quyidagicha fikr bildirdi:

“Qo‘llanma asosan matnga tayanib qolgan. Matnlarni mustahkamlovchi mashqlar yo‘q. Undan keyin kommunikativ kompetensiyani rivojlantiruvchi unsurlar ham yo‘q. Hozirgi kunda bu juda muhim. Undan tashqari tanqidiy va mantiqiy fikrlashga doir mashqlar mavjud emas.

Mavluda G‘ulomova

Darslik faqat eshitish orqali o‘rgatishni va'da qilyapti. Lekin biz bilamizki, faqat bir nutq faoliyati turi bilan egallab bo‘lmaydi. Bu haqda ustoz metodistlarimiz alohida ta'kidlashadi.

Undan tashqari, kitobda grammatik, uslubiy, lingvistik va imloviy xatolar ko‘zga tashlanadi.

Shuningdek, kitobga taqriz yozilmagan. Kitobni yaxshi mutaxassis taqrizidan o‘tkazishni tavsiya etardik. Zero, sifatli darslik albatta metodist va filologlar ko‘rigidan o‘tishi shart. Bu juda muhim.

Reklama va kitobning o‘zida va'da qilingani kabi ingliz tilini 6 oyda mukammal o‘rganish mumkin deb o‘ylamayman. Chunki til o‘rganish ko‘proq psixologik jarayon. Bu degani til o‘rganishda juda ko‘p narsa shaxsning o‘ziga bog‘liq bo‘lib qoladi. Undan tashqari, tilni yaxshi o‘rganish uchun ko‘proq amaliyot, ko‘proq gapirish kerak. 6 oyda faqat tinglab-tushunish orqali til o‘rganish, fikrimizcha, judayam murakkab. Kitobda tarjimalarda xatolar ko‘p. Tarjimalar asosan so‘zma-so‘z bo‘lib qolgan”.

Chikagoda istiqomat qiluvchi, mutaxassisligi amaliy tilshunos bo‘lgan tadqiqotchi, Northeastern Illinois University professori Ulug‘bek Nurmuhammedov bu kabi loyihalarning metodik tarafi haqida fikrlarini bayon qildi.

Ulug‘bek Nurmuhammedov

“Booknomy qo‘llanmasida xatolar juda ko‘p. Talaffuz va iboralar noto‘g‘ri berilgan. Iltimos, xalqimizga to‘g‘risini aytinglar. Men, masalan, hozir faqat gapiryapman, sizlarni eshitmayapman. Tilni o‘rganishdan asosiy maqsad gapirish, eshitish emas. Sizlar esa, faqat eshitishga e'tibor qilyapsizlar.

Sizlar taklif qilayotgan usul audiolingualism deb nomlanadi va bu usul 1970-80 yillarda keng tarqalgandi. 40-50 yil avval mashhur bo‘lgan metod! Bu usulning judayam ko‘p kamchiliklari bor. Bu haqda Diane Larsen-Freeman va Marti Anderson'ning “Techniques and Principles in Language Teaching” kitobida yoritilgan.

Shuningdek, sizlar taklif qilayotgan usul – audiolingvalizm va uning kamchiliklari haqida Marianne Celce-MurciaDonna M. BrintonMarguerite Ann SnowDavid Bohlke hammuallifligidagi “Teaching English as a Second or Foreign Language” risolasida ham batafsil ma'lumot bor.

Reklamalarda, Yutubdagi videolar bor, mualliflar bilan suhbat bo‘lganmikan, deb qarasam mualliflar gapirmagan. Bizning soha shunaqa – unda avvalo mualliflar gapirishi kerak. Ota-onalarga maslahatim – O‘zbekistonda 100 dollar (booknomy darsligining chegirmasiz narxi 1 million yuz ming so‘m, taqriban yuz dollar) qanday pul bilmayman, Chikagoda bu pulga ancha ish qilsa bo‘ladi. Hatto Stiv Jobs va Bill Geytslarning kitoblariyam buncha pul turmaydi. Ancha arzon.

Farzandingizga ziyo istab, kitob olmoqchimisiz, iltimos, uni kim reklama qildi, ofisi qanaqaligiga emas, muallifiga e'tibor bering. Diplomi bormi-yo‘qmi, iltimos, qiziqib ko‘ring. Audiolingvalizm bu bolani xonaga qamab qo‘yib, faqat non-suvini berish kabi. Bunda bolangiz bilan gaplasha olmaysiz. Chunki bola gapirmaydi, u nimalardir deyishi mumkin. Ammo siz uni tushunmaysiz. Zero, siz bolangiz bilan gaplashmadingiz. Faqat eshitish til o‘rganishga yetarli emas.

Shou-biznes vakillariga esa, tushunmadim. Bo‘lmagan narsani ommaga yaltiroq qilib ko‘rsatishning nima keragi bor?” deydi Ulug‘bek Nurmuhammedov.

Booknomy darsligi borasida qiyosiy tilshunoslik bo‘yicha fan doktori, pedagog va o‘qituvchi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Lids universiteti bitiruvchisi Nodira Isamuhamedova jumladan shunday deydi:

Nodira Isamuhammedova

“Booknomy'da innovatsion yangi metod asosida yaratilgan, deb targ‘ib qilingan bo‘lsa-da, bu faqat tinglashga asoslangan metod 1950-yillarda AQShda harbiylarni o‘qitish maqsadida qo‘llanilgan. Bu metodning asosidagi bixeyvorizm, ya'ni inson ongli mavjudot emas, tashqi ta'sir yordamida avtomatik ravishda boshqarish mumkin bo‘lgan (Pavlov kuchuklarda o‘tkazgan eksperimentlar misolida) obekt sifatida qaratilgan g‘oyalar psixologiya va pedagogikada keng tanqidga uchragan.

Audiolingval metod ingliz tili o‘qitish metodikasi nuqtayi nazaridan ham samarasi sust hisoblanadi. Hech kim hali faqat (va faqat) tinglab, bir kuni chet tilida ravon gapirib yoki yozishni o‘rgangan emas. Hozirgi kunda chet tili o‘rganishda kommunikativ metod – barcha nutq va til aspektlarining (gapirish, tinglash, o‘qish, yozish, so‘z boyligi, grammatika, fonologiya) birgalikda o‘rganilishi muhim hisoblanadi.

Ona tilini tinglab o‘rganamiz, ingliz tilini ham shunday o‘rgansak bo‘ladi, deyish noto‘g‘ri. Yosh bolaning ona tilini o‘rganishi bilan kattalarning chet tilini o‘rganishlari orasida katta tafovut bor va ularni taqqoslab bo‘lmaydi. Men yashaydigan Kanadada ham 30 yillardan ortiq shu yerda yashab, muntazam ingliz tilini tinglab kelayotgan bo‘lsa-da, ingliz tilida gapira olmaydigan, yoza olmaydigan immigrantlar talaygina.

Kitobda juda ko‘p grammatik, leksik, stilistik, fonetik (talaffuzda) xatolar nafaqat ingliz tilida, hatto o‘zbek tilidagi tarjimasida ham mavjud. Xato o‘rganilgan so‘zlarni kelajakda nutqda tuzatish amri mahol. Bunday hodisa tilshunoslikda “qotib qolgan xatolar” deyiladi va ularni to‘g‘rilash juda qiyin.

Matnlar real hayotdan olinmagan, noautentik, sun'iy tuzilgan. Bunday matnlarni o‘quvchi hayotida ingliz tilida muloqotga kirishganda qo‘llay olmaydi.

Nufuzli Oksford, Longmen, Makmillan kabi xalqaro nashriyotlar chop etadigan ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha sifatli, rangli, bexato, zamonaviy metodlarga asoslangan, xalqaro approbatsiyadan o‘tkazilgan kitoblar 20-30 AQSh dollari atrofida turadi”.

Kitoblarning ISBN raqamlari

Kitoblarga beriladigan unikal raqam – International Standard Book Number (ISBN)ni tekshirib ko‘rdik.

Booknomy loyihasi Intensive English qo‘llanmasining 2020 yil 27 yanvarda bosishga ruxsat etilgan nashrining ISBN raqami 978-9943-6091-8-1. Bu orqali biz Sanjar Odilov, Gulbahor Mirzaliyeva, Odilbek Ikromov va Nurmuhammad Dautov hammuallifligidagi “INTENSIVE ENGLISH” kitobini ko‘rishimiz mumkin.

Kitobning titul varag‘ida esa, mualliflar sifatida Shohijahon Abdullayev, Shahboz Mamatqosimov va Odilbek Ikromovlar ko‘rsatilgan. Nima sababdan bunday qilingani bizga qorong‘u.

Endi Tedbook loyihasi Innovatsion Ingliz tili qo‘llanmasining 2020 yil 16 sentyabrda bosishga ruxsat etilgan nashrining ISBN raqamini (978-9943-5117-7-4) qarab ko‘ramiz. ISBN raqam G.Jumanazarovaning PARADIGMA nashriyotida chop etgan “Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun inglizcha-o‘zbekcha-ruscha lug‘at” kitobiga tegishli.

Bu haqda http://isbn.natlib.uz manzilida, 25636 tartib raqamida turgan link orqali ma'lumot olish mumkin. Loyiha mualliflari va rahbarlari nima qilsak ham buni birov tekshirmaydi, sezmaydi yo aqli yetmaydi deb o‘ylashganmikan? Undan tashqari, birovning kitobiga tegishli identifikatsion raqamni o‘z kitobiga qo‘yib sotuvga chiqarish huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini loyiha mualliflari o‘ylab ko‘rishganmikan?

Mundarija va plagiat

Booknomy loyihasining Intensive English kitobi ichidagi matnlar internetdagi turli sahifalardan o‘zgarishsiz ko‘chirib olingan. Masalan, 114-115-betlardagi matn Vikipediyadagi Bill Geyts haqidagi ma'lumotlar bilan aynan bir xil (Early life bo‘limiga qaralsin).

Yoki AQShlik sarmoyador Uorren Baffet haqidagi 116- va 117-betdagi matn ham Vikipediyadan nuqta-verguligacha ko‘chirib olingan. (10.1) (10.2)

Mark Tsukerberg haqidagi ma'lumotlar ham Vikipediyadan ko‘chirilgan. 

Tedbook loyihasi esa boshqacha usulni tanlagan. Ularning kitobidagi matn va dialoglar negadir Cambridge University Press chiqargan Kid’s Box darsliklarining bo‘lim nomlari, matn va dialoglari bilan aynan bir xil. Shuningdek, Tedbook va Kid’s Box'ning audioyozuvlari ham aynan o‘xshash. Eslatib o‘tamiz, Kid’s Box kitoblar komplekti 8-10 yoshdagi bolalarga ingliz tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan.

Bu – ilmiy tilda plagiat deb ataladi.

Bunga Tedbook ijrochi direktori Abdurauf Olimov quyidagicha izoh berdi: “Xitoy tilida ham men degan so‘z bor, o‘zbek tilida ham. Bu shunchaki tasodif”.

Kitoblarni tahlil qila turib, yana bir shubhali holatga duch keldik. Tedbook darsligini nashrdan chiqargan “SITY BOOK” MChJ O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligidan Rasulov Muhammadali Sodiqjon o‘g‘li va Ibaydullayev Avazbek G‘ayratillo o‘g‘li hammuallifligidagi “TADEBOOK INNOVATION ENGLISH (Case I)” metodik qo‘llanmasi uchun guvohnoma olgan. Lekin qo‘llanma savdoga negadir Tedbook bo‘lib chiqqan, Tadebook emas.

Eslatib o‘tamiz, jahonga mashhur tillarni o‘rganishning Ted method of learning languages nomli o‘ziga xos usuli ham bor. Mana bu havolaga kirib bu haqda ma'lumot olish mumkin.

Hurmatli o‘quvchi, bu bizning kuzatuvlarimiz mahsuli xolos. Xulosa chiqarish esa har kimning o‘ziga havola.

Biz yodga olgan kitoblarning ijobiy tomonlari ham bordir, albatta. Zero, ular haqida ijtimoiy tarmoqlar va boshqa manbalarda eshitgan, ko‘rgan bo‘lsangiz ajab emas. Balki oralaringizda kitoblardan foydalanib, loyiha mualliflari aytganidek natijaga erishganlar ham bordir. Agar shunday bo‘lsa, biz pulingiz va vaqtingiz behuda ketmaganidan xursandmiz.

Ushbu orqali bu kitoblarning mualliflari va yaratuvchilariga yaratgan mahsulotlari kamchiliklardan holi emasligi haqida o‘zimiz va mutaxassislarning fikrlarini yetkazishga harakat qildik, xolos. Umid qilamizki, ular bundan faqat va faqat to‘g‘ri xulosa chiqaradilar.

So‘zimiz yakunida O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasida noaniqligi, ikki xil ma'noni anglatishi, bo‘rttirib yuborishi, yashirib ketishi oqibatida, reklamani tarqatish vaqti, joyi va usuliga nisbatan qo‘yilgan talablarni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablarni buzishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, shaxslarga, shuningdek davlatga zarar va ma'naviy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama noto‘g‘ri (insofsiz, bilaturib yolg‘on) reklama hisoblanishini eslatib qo‘yishni lozim topdik.

Shoakmal Isroilov

Montaj ustasi – Otaxon Yusupov

Top