08:34 / 16.03.2021
6305

Shimoliy Koreya Seulga tinchlik sulhini bekor qilish bilan tahdid qildi 

Foto: tramis.ru

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Koreya Mehnat partiyasi siyosiy byurosi a'zosi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya va AQShning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari tufayli Vatanni birlashtirish masalalari bo‘yicha qo‘mitani tugatish masalasi ko‘tarilishini aytdi va Pxenyanning Seul bilan tinchlik sulhidan voz kechishi bilan tahdid qildi.  

“Biz hamyurtlarimizga qarshi qaratilgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarga qarshi chiqib kelganmiz. Biz buni bir necha marta ta'kidlab o‘tdik, sabrli bo‘ldik va barcha imkoniyatlarni berdik. Shunga qaramay, Janubiy Koreya hukumati butun millat ko‘z o‘ngida “iliq mart”ni emas, balki “urush marti”ni tanladi”, deb aytilgan Kim Yo Chjon bayonotida.

Uning ta'kidlashicha, harbiy mashg‘ulotlar va muloqot bir-biriga zid tushunchalardir.

“Biz Vatanni birlashtirish masalalari bo‘yicha qo‘mita – Janub bilan muloqot bo‘yicha tashkilotni tugatish masalasini qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi. Bu tashkilotning hozirgi vaziyatda mavjud bo‘lishi uchun boshqa asos yo‘q”, deb qo‘shimcha qilgan Shimoliy Koreya yetakchisi singlisi. 

Bundan tashqari, Kim Yo Chjon AQSh prezidenti Jo Bayden ma'muriyatini unga keyingi 4 yil davomida “tinch uxlashi”ga xalaqit qiladigan ishlarni qilmaslikdan ogohlantirgan. U Koreya yarimorolidagi mashg‘ulotlarni to‘xtatishni talab qilgan, yo‘qsa Shimoliy Koreya ig‘vogarliklar holatida “alohida choralar” ko‘rishga tayyorligini aytgan.

“Imkoniyatdan foydalanib, AQShning yangi ma'muriyatini yerimizda porox hidini tarqatmaslikdan ogohlantiramiz. Agar u keyingi 4 yil davomida tinch uxlashni istasa, birinchi navbatda bundan tiyilishi lozim”, deb aytgan Shimoliy Koreya rahbari singlisi.

Bu Shimoliy Koreyaning Bayden ma'muriyatiga ilk murojaatidir. Bu bayonot joriy haftada AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostinning Janubiy Koreya va Yaponiyaga safari oldidan qilindi.

Avvalroq Oq uy Shimoliy Koreya AQShning turli kanallar bilan bog‘lanishga urinishlarini javobsiz qoldirayotganini ma'lum qilgandi.  

8 mart kuni AQSh va Janubiy Koreya har yillik qo‘shma mashg‘ulotlarni boshladi. Pandemiya tufayli mashg‘ulotlar qisqartirilgan formatda o‘tmoqda.

Pxenyan ushbu mashg‘ulotlarni Shimoliy Koreyaga bostirib kirishga tayyorgarlik deb baholab, uzoq vaqtdan beri ularning to‘xtatilishini talab qilib keladi.  

Mavzuga oid
Top