14:19 / 17.03.2021
7605

Namanganda mayitni «morg»dan chiqarib berish uchun pul talab qilgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining ochiq sud majlisida Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi shahar bo‘limida vrach yordamchisi bo‘lgan o‘rta tibbiyot xodimi A.P.ning ishi ko‘rib chiqildi. 

“Zamon” ko‘rsatuvida xabar qilinishicha, A.P. pandemiya vaqtida koronavirusga chalinib vafot etgan fuqaro mayitini “morg"dan chiqarib, janoza ishlarini o‘tkazib berish uchun marhumning yaqinlaridan pul talab qilgan. Ushbu holat bo‘yicha marhumning yaqinlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. 

Xabarda aytilishicha, 2 mln so‘m pullarni olayotgan A.P. guvohlar ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Namangan shahar sudi qarori bilan A.P.ga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top