09:28 / 17.03.2021
4631

Oliy ta'lim vazirligi huzurida yangi nazorat xizmati tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi O‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasbiy ta'lim markazi huzuridagi Metrologik nazorat xizmati negizida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida DUK shaklidagi O‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati tashkil etildi.

Texnik nazorat xizmatining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • idoraviy mansubligidan qat'i nazar, barcha professional ta'lim muassasalarining o‘quv jarayonida jihoz, asbob-uskuna, texnika hamda sarflanadigan xomashyo va materiallardan, o‘quv-tajriba xo‘jaliklaridan samarali foydalanishni nazorat qilish;
  • o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan nazorat-o‘lchash vositalaridan samarali foydalanilishi hamda metrologik qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish, o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta'minlash;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan pullik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish.

Texnik nazorat xizmatiga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda quyidagilar bo‘yicha professional ta'lim muassasalariga shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi:

  • jihozlar, asbob-uskuna va texnikalar hamda xomashyo va materiallardan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda samarali foydalanish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma hamda tavsiyalar ishlab chiqish va joriy etish;
  • professional ta'lim muassasalari hisobidagi xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan jihoz, asbob-uskuna va texnikalar texnik holatini o‘rganish va ulardan o‘quv jarayonida foydalanish to‘g‘risida tegishli xulosalar berish.

2021 yil 1 martdan boshlab mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha Texnik nazorat xizmati boshlig‘i – oliy ta'lim muassasasi filiali direktoriga, boshliq o‘rinbosari – oliy ta'lim muassasasi filiali direktori o‘rinbosariga, bo‘lim boshliqlari – oliy ta'lim muassasasi fakultet dekani o‘rinbosariga, bosh buxgalter va bosh mutaxassis – oliy ta'lim muassasasi katta o‘qituvchisiga, yetakchi mutaxassis – oliy ta'lim muassasasi o‘qituvchisiga tenglashtiriladi.

Top