00:34 / 18.03.2021
2611

Andijonda avtomobil raqamini berkitib yurgan haydovchilarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda

Andijon viloyatida haydovchilar avtomashinalar davlat raqamini berkitib yurishi holatlari kuzatilmoqda. Viloyat IIB bunga qarshi maxsus reydlar o‘tkazilayotganini xabar qildi.

Reydlar boshlanganidan beri 3 kun ichida 24 ta qoidabuzarlik aniqlandi va haydovchilarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ayni paytda Andijon viloyatida multiradarlar va uch oyoqli radarlardan uzluksiz foydalanilmoqda. Shuningdek, Andijon shahrida 6 ta joyda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalari buzilishi holatlarini aniqlaydigan kameralar o‘rnatilgan.

Shuningdek, mavjud qarzdorliklarni aniqlovchi 4 ta «Avtokon» ko‘chma qurilmasi ham doimiy harakatda.

«Ayrim o‘zboshimcha haydovchilar esa shularning "nazari"ga tushib qolmaslik uchun avtomashinasi davlat raqamini berkitib olishmoqda.

Holbuki, bunday qoidabuzarlik uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 127-moddasi 2-qismiga binoan BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda ma'muriy sud organlari tomonidan jarima jazosi qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan», – deyiladi Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabarida.

Top