18:53 / 18.03.2021
12103

IIBB «Malika» savdo kompleksida topilgan shubhali paket bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Internetda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida shubhali paket topilgani va uning ichidagi narsa insonlar uchun xavfli ekani haqida ma'lumot tarqaldi. Poytaxt IIBB mazkur holat bo‘yicha rasmiy xabar bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 17 mart kuni soat 14:40larda Toshkent shahar IIBB xodimlariga Shayxontohur tumani Kichik halqa avtomobil yo‘lida joylashgan “Malika” savdo kompleksi hududida do‘konlardan birining yonida noma'lum shaxs tomonidan qora rangli sport sumkasi qoldirilgani haqida xabar kelib tushdi.

Ichki ishlar organlari, xususan, IIV maxsus bo‘linmasi xodimlari jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida hududni chegaralab sumkani ko‘rikdan o‘tkazishdi. 

“Ma'lum qilamizki, sumka ichida qonunga xilof va inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan hech narsa topilmadi”, deyiladi xabarda.

Ko‘rilgan tezkor tadbirlar davomida sumka Yunusobod tumanidagi qurilish obektida yollanma ishchi bo‘lib ishlovchi 18 yoshli J.K. tomonidan unutib qoldirilgani aniqlangan. Suhbat davomida u savdo kompleksi hududiga telefonini tuzatish uchun kelgani, sumkani esa og‘ir bo‘lgani uchun do‘kon oldiga qo‘ygani, bu kimnidir qo‘rqitadi deb o‘ylamaganini aytgan.

Top