14:56 / 18.03.2021
31638

«Toshkent shahar suv ta'minoti» direktor o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi

2021 yil 16 mart kuni Ichki ishlar vazirligiga fuqaro A.E. ariza bilan murojaat qildi, deb xabar bermoqda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

Qayd etilishicha, fuqaro o‘z arizasida tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6dagi bekatni ijaraga olgani va bekatga o‘tgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich o‘rnatganini hamda buni hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar “Suvsoz” boshqarmasiga murojaat qilganida, korxonaning “Mirolim” ismli xodimi suv quvuri o‘zboshimchalik bilan ulanganini ro‘kach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln so‘m berishini talab qilayotganini ma'lum qilgan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ bo‘lim boshlig‘i H.M. Toshkent shahar Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.E.dan 3 mln so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushlangan shaxs ushbu pullarni “Toshkent shahar suv ta'minoti” MChJ direktor o‘rinbosari P.R.ning topshirig‘iga asosan olgani va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini ma'lum qilgan.

2021 yil 17 mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln so‘m miqdoridagi puldan 1 mln 800 ming so‘mini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

2021 yil 17 mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan mazkur holat yuzasidan, Jinoyat kodeksi 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, P.R. va H.M. Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlangan. 

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Top