21:51 / 18.03.2021
3983

Yevropa dori vositalari agentligi AstraZeneca vaksinasini xavfsiz deb e'lon qildi

Avvalroq qator mamlakatlar emlanganlarda tromboz hosil bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni qisman yoki to‘liq to‘xtatgandi.

Foto: REUTERS/Yves Herman

Yevropa dori vositalari agentligi Britaniya-Shvetsiya kompaniyasining koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi xavfsiz degan xulosaga keldi. 

«Bu xavfsiz va samarali vaksina. Ushbu preparatning samarasi va uning koronavirusga qarshi himoyasi undan foydalanishda paydo bo‘ladigan ehtimoliy xatarlarga nisbatan yuqori», — dedi agentlik ijrochi direktori Emer Kuk.

Uning ta'kidlashicha, hozircha emlash va tromboz hosil bo‘lishi orasidagi bog‘liqlikni butunlay rad etib bo‘lmaydi. Agentlik ushbu preparat bilan emlanganlarda tromboz paydo bo‘lishi sabablarini o‘rganishda davom etadi.

Avvalroq Yevropadagi 20 mamlakat AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni qisman yoki to‘liq to‘xtatgandi. Bunga emlanganlarda tromboz hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, kompaniya AstraZeneca vaksinasi xavfsiz ekanligini bildirgan.

Mavzuga oid
Top