00:22 / 19.03.2021
33637

“Bayden ertaga juda band”: Oq uy Putinning taklifiga javob qaytardi

Foto: Reuters

Oq uy AQSh prezidenti Jo Bayden juda bandligi sababli yaqin kunlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkaza olishi yoki yo‘qligini bilmasligini ma'lum qildi. Avvalroq Putin Baydenga 19 yoki 22 mart kuni jonli efirda muloqot qilishni taklif qilgandi.

“Aytishim mumkinki, prezidentimiz prezident Putin bilan suhbatda bo‘ldi. U hali muloqot qilmagan ko‘plab yetakchilar bor. Biz Rossiya rahbariyati, hukumati a'zolari bilan barcha darajada muloqot qilmoqdamiz. Biroq men bo‘lg‘usi muzokaralar borasida hech narsa ayta olmayman. Prezident ertaga Jorjiyaga boradi va juda band bo‘ladi ”, deb aytgan Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki brifingda.  

17 mart kuni Jo Bayden AVS telekanaliga bergan intervyusida boshlovchining “Putinni qotil deb o‘ylaysizmi?” degan savoliga “Ha” deb javob bergandi va Rossiya prezidenti AQShdagi saylovlarga aralashuv uchun “tovon to‘lashi”ni aytgandi.

Shuningdek, brifing vaqtida Psakidan “Bayden Putin haqida aytgan so‘zlari uchun afsuslanmayaptimi?” deb so‘ralganda, “yo‘q” deb javob qaytargan.

“Yo‘q. Prezident ochiqcha savolga ochiqcha javob berdi”, deb aytgan Oq uy matbuot kotibi. 

U, shuningdek, AQSh hukumati Rossiya bilan hamkorlik qilish uchun umumiy sohalar topa olishini qo‘shimcha qilgan. 

“Prezident Bayden va prezident Putinda, shubhasiz, o‘z davlatlari va dunyoda o‘zaro harakatlanish bo‘yicha o‘z qarashlari bor. Biroq ular birgalikdagi hamkorlik uchun ishlashni davom ettirish, izlanish kerakligi borasida hamfikrlar. O‘zaro manfaatli sohalar mavjud va biz bunday yo‘llarni izlashni davom ettirishimiz mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan Psaki.

18 mart kuni Putin amerikalik hamkasbining so‘zlariga izoh berib, unga sog‘liq tilab qolishini va bunda “kinoya qilmayotganini” hamda “Kim nima degan bo‘lsa, o‘zi shunaqa” deb javob bergan. 

Keyinroq Rossiya prezidenti Baydenga muloqotni jonli efirda davom ettirishga tayyorligini, buni “ertaga (19 mart) yoki dushanba (22 mart) amalga oshira olishini, chunki dam olish kunlari taygaga borishini” aytgan. Shundan keyin Rossiya tashqi ishlar vazirligi prezidentlarning suhbatiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagani ma'lum qilingan. 

Mavzuga oid
Top