00:19 / 19.03.2021
17303

O‘zbekistonda yana elektr uzilishlari kuzatilmoqda. Samarqandda 22 soat, vodiyda 16 soatgacha chiroq o‘chmoqda

So‘nggi kunlarda havo haroratining pasayishi bilan hududlarda elektr ta'minotida yana muammolar kuzatila boshladi. Uzilishlar ayniqsa vodiy viloyatlarida ko‘paygan.

Andijon viloyati Buloqboshi tumani markazida yashovchi fuqarolar tumanda 15 soatlab chiroq o‘chayotganini aytib, Kun.uz'ga murojaat qildi.

Ayni paytda, oltiariqlik murojaatchilarning aytishicha, 17 va 18 mart kunlari tumanda kuniga 6-7 marta, o‘rtacha 1,5 soatdan chiroq o‘chgan.

Namanganning Nanay qishlog‘ida ham kuniga 6-7 martalab chiroq o‘chayotgani haqida xabarlar kelib tushdi.

Kun.uz muxbirlariga ko‘ra, vodiy hududlarining katta qismida, ayniqsa qishloq joylarda havo sovishi bilan chiroq ko‘p o‘cha boshlagan.

Elektrdagi muammolar vodiy hududlari bilangina cheklanib qolmayapti. Xususan, Samarqand viloyatining bir nechta tumanlarida elektr energiyasi ta'minotida muammolar ko‘paydi.

17 mart kuni Urgut tuman elektr tarmoqlari korxonasi 3 kundan buyon bo‘layotgan uzilishlar uchun uzr so‘radi. Izohlanishicha, 110 kValik L-PTF, L-Panjyekent liniyalaridagi uzilishlar IESlarda elektr ishlab chiqarishdagi uzilishlar bilan bog‘liq.

Ushbu rasmiy xabar ostida urgutliklar ko‘plab izohlar qoldirgan. Ularning aksari chiroq juda ko‘p o‘chayotganini aytgan. Ba'zilar hech bo‘lmasa ovqatlanayotgan vaqtda chiroqni o‘chirmaslikni so‘ragan. Kimlardir hech bo‘lmasa rasmiylar uzr so‘rashgani uchun xursand bo‘lgan.

17 mart kuni Urgutga qo‘shni tuman – Toyloqda ham ko‘plab uzilishlar kuzatilgan. Masalan, Gulobod liniyasidan elektr oluvchi Sochak, Sho‘rboi qishlog‘ida (Samarqand tumani) va Toshkent – Termiz trassasi Toyloq tumani hududidan o‘tuvchi boshqa aholi yashash punktlarida uzoq muddat chiroq o‘chgan. Xususan, Sochak qishlog‘ida 17 va 18 mart oralig‘ida 22 soat elektr uzilishi kuzatilgan.

Kun.uz muxbiri deyarli bir sutkalik bu uzilish yuzasidan Samarqand viloyat elektr tarmoqlari korxonasi bilan bog‘landi. Korxona vakili buni Gulobod liniyasida kabel kuygani bilan izohladi.

Farg‘ona viloyat elektr tarmoqlari korxona mutaxassisi G‘ulomjon Asqarov esa kunduzi elektr yetkazib berishda 60 megavatt «qirqilganini» aytdi. Uning aytishicha, bunga sabab – yoqilg‘i va quvvat yetishmasligi. Mutaxassisga ko‘ra, cheklovlarga elektr stansiyalaridagi uchta blokning ishlamay qolgani ham sabab bo‘lgan. Oqibatda 570 ming megavatt yo‘qotilgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» va «Milliy elektr tarmoqlari» kompaniyalari hamda Energetika vazirligi mazkur uzilishlar yuzasidan xabar bermagan.

Energetika vazirligi vakili Kun.uz'ga bu borada munosabat bildirar ekan, vaziyat «hafta oxirida yaxshilanishi»ni aytdi.

Top