11:24 / 19.03.2021
7700

Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga doir prezident qarori imzolandi

Qarorda belgilanishicha, Moskvada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vakolatxona ochiladi.

«O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi markaziy apparati tarkibida:

  • investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari – Rossiya bilan tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun mas'ul bo‘lgan Investitsion loyihalarni rivojlantirish markazi direktori lavozimi joriy etiladi;
  • 5 kishidan iborat Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘limi tashkil etiladi;
  • Moskvada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan xodimlari maksimal soni 7 kishidan iborat vakolatxona ochiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik qilish boshqarmasi negizida Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va tashqi iqtisodiy integratsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil qilinadi. Ushbu boshqarmaga respublikaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi bilan bog‘liq masalalarni chuqur tahlil qilish hamda muvofiqlashtirish vazifasi yuklatildi.

Avvalroq, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning norasmiy uchrashuvida ikki davlat hududi orqali to‘siqsiz yuk tashishni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, savdo aylanmasini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish imkonini beradigan tarif va notarif tartibga solish usullarini birlashtirishning istiqbolli mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilgandi.

Mavzuga oid
Top