20:39 / 19.03.2021
3768

Samarqandda viloyatdagi eng katta maktablardan biri ochildi

Samarqand shahrida yangitdan bunyod etilgan Qorasuv mavzesida 1 680 o‘rinli yangi maktab binosi foydalanishga topshirildi. Maktabning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Zebuniso Shodiyeva va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, mazkur umumta'lim maktabi o‘quvchi o‘rni bo‘yicha viloyatdagi eng katta maktab hisoblanadi. Maktab to‘rt qavatli qilib qurilgan bo‘lib, uning maydoni 3 437 m²ni tashkil etadi.

Maktab hududi jami 2,5 gektar maydonni egallagan. Unda sport maydonchalari va yashil hududlar tashkil etilgan. Maktabda o‘quvchilar uchun ikkita sport zali, anjumanlar zali, kasb-hunar hamda o‘quv xonalari jahon andozasida qurilgan va jihozlangan. Bundan tashqari barcha sharoitlar hamda jihozlar muhayyo qilingan.

Qayd etilishicha, maktab qurilishiga investitsiya dasturiga asosan 31 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Maktabning ochilish marosimida viloyatdagi 16 ta tuman va shahar xalq ta'limi bo‘limlari rahbarlariga xizmat mashinasi topshirildi.

Ma'lumot uchun, 18 mart kuni Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika va fizika fanlariga ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktab-internati, shuningdek, qayta ta'mirlangan ikkita maktabgacha ta'lim muassasasi ochildi.

Top