11:00 / 21.03.2021
3533

Eriell Group: Navro‘z ayyomi munosabati bilan ekologik xayriya aksiyasi o‘tkazildi

Navro‘z bayrami arafasida ERIELL Group tomonidan Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida Toshkent va Qarshi shaharlarida 220 ta daraxt ekish bo‘yicha ekologik xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

Navro‘z munosabati bilan tashkil etilgan ekologik xayriya aksiyasi doirasida ERIELL Group Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida Olmazor tumanidagi "G‘alaba bog‘i" xiyobonida 200 ta daraxt o‘tqazdi. Mazkur aksiyada kompaniyaning 60 nafar xodimi va ularning farzandlari ishtirok etdi. Kompaniya tomonidan ekish uchun eman, kashtan va chinor ko‘chatlari tanlab olindi.

Aksiyada shuningdek ERIELL Group'ning Qarshi shahridagi xodimlari ishtirok etdi. Ular o‘z mablag‘lari hisobidan qarshi shahridagi «Muruvvat» uy-internati hududida 20 ta yapon saforasi ko‘chatini ekdi.

So‘nggi paytlarda jamoatchilik tomonidan muntazam ravishda mamlakatda daraxtlar noqonuniy kesilayotgani bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilmoqda. Daraxtlarning kesilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyodagi jiddiy muammo hisoblanadi. Statistikaga ko‘ra, butun dunyoda har yili qariyb 130 ming kvadrat kilometr hududda daraxtlar kesib tashlanmoqda, bu esa 17 mingta stadion maydoniga tengdir. Bu yo‘qotishni kompensatsiya qilish uchun barcha mamlakatlarda shunday aksiyalar o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy jihatdan mas'ul kompaniya hisoblangan ERIELL Group jamoatchilik tashabbuslari va fikriga quloq tutgan holda hamda xalqimizning ezgu an'analarini davom ettirish maqsadida faol xayriya faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Daraxt ekish aksiyasi nafaqat mamlakatimizni obod qilish va ko‘kalamzorlashtirishga hissa qo‘shadi, balki tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, har bir inson o‘zining arzimas harakatlari bilan har kuni sayyoramizdagi hayotni yaxshi tomonga o‘zgartirishga qodir.

ERIELL Group barchangizni bahor va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam bilan muborakbod etadi. Qalbingiz xuddi bahor fasli kabi go‘zal va nurafshon bo‘lsin, xonadoningizdan qut-baraka arimasin!

ERIELL Group matbuot xizmati

Top