18:09 / 22.03.2021
21649

Eldor Shomurodov Gana bilan o‘yin, «Jyenoa»ga o‘zbekistonlik qaysi futbolchini chaqirishi va «Yuve»ning qiziqishi haqida

O‘zbekiston milliy jamoasi yig‘iniga chaqirilgan «Jyenoa» hujumchisi Eldor Shomurodov O‘FA matbuot xizmatiga bergan intervyusida Gana va Iroqqa qarshi kechadigan o‘rtoqlik uchrashuvlari, «Jyenoa»dagi faoliyati, «Yuventus»ning qiziqishi va bir qator savollarga javob qaytardi.

Gana va Iroqqa qarshi bo‘lajak o‘yin haqida
- Oldimizda JCh-2022 saralash bosqichi doirasida uchta juda qiyin va muhim o‘yin kutib turibdi. Shuni inobatga olganda Gana va Iroqqa qarshi o‘rtoqlik bahslari ham biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki ko‘p vaqt mobaynida milliy jamoa optimal tarkibda yig‘ila olmagandi. Oldindagi hal qiluvchi o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun bu bahslar muhim hisoblanadi. Oldingi yig‘inlarga kela olmagan bo‘lsam-da, milliy jamoamizning o‘rtoqlik o‘yinlarini imkonqadar tomosha qildim.

«Milliy jamoadan ko‘ra, «Jyenoa»da bosim kuchliroq»
- Milliy jamoada bosim kuchliroqmi yoki «Jyenoa»da? Klubimda ko‘proq deb o‘ylayman. Chunki «Jyenoa»da ham ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish va milliy jamoamizga ko‘proq yordamim tegish uchun harakat qilaman. To‘g‘risini aytsam, «Jyenoa»da ham milliy jamoaning o‘yinlarini kutib yashayman. Har safar milliy jamoaga katta xursandchilik bilan qaytib, maza qilaman. Italiyada esa bosim kuchli, klubimda o‘zbekistonlik o‘yinchi sifatida mendan ko‘proq narsa kutishadi. Shu bois u yerda bosim ko‘proq.

«Jyenoa»ga kimni olib borardim? Doston Hamdamov bilan bir-birimizni yaxshi tushunardik»
- O‘zbekistondan yaxshi sherik olib kel deyishsa, «Jyenoa»ga qaysi futbolchini olib borardim? Juda qiyin savol. Bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bu milliy jamoadan bo‘lardi. Masalan, Doston Hamdamov bilan «Bunyodkor»da birga to‘p surganimizda maydonda yaxshi chiqishardik. O‘zi hayotda ham qaysi futbolchi bilan yaxshiroq chiqishsangiz, maydonda ham aynan u bilan bir-biringizni yaxshiroq tushunasiz. 

«Top-klubga o‘tishdan qo‘rqmayman»
- «Yuventus» rostan ham qiziqdi deb hisoblasak, top-klubga o‘tishga qanday qarayman? Bu hayot juda tez o‘tadi. Imkoniyat bo‘lsa, foydalanish kerak deb o‘ylayman. Chunki raqobatdan hech qachon qo‘rqmaganman. O‘z kuchimga ishonganim bois, kuchli klubga o‘tgan taqdirimda ham zaxirada o‘tirib qolishdan qo‘rqmayman.

«Jyenoa»ni tanlashimga uchta sabab bor...»
- Nega aynan «Jyenoa»ni tanladim? Bilasizmi, o‘shanda agentlarim bilan maslahatlashib shunday qarorga kelgandik. Birinchidan, Genuya klubi odatda hujumchilarni sotib olib, keyin boshqa klubga sotishini inobatga olib «Jyenoa»ga o‘tganman. Ikkinchidan, bu klubga o‘sishga erishish mumkinligi, jamoa futbolchiga yaxshi taklif tushsa, uzoq ushlab o‘tirmay sotishni ma'qul ko‘rishi ham bizni «Jyenoa»ni tanlashimizga sabab bo‘lgan. Uchinchidan, Genuyada futbolga qiziqish yuqoriligi, «Sampdoriya» - «Jyenoa» o‘yini Italiyadagi asosiy derbilardan biri ekanligi ham muhim faktorlardan biri bo‘lgan, deydi Eldor Shomurodov O‘FA yutub-kanaliga bergan intervyusida.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi 26 mart kuni Namanganda Gana, 29 mart kuni esa Toshkentda Iroq milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Top