19:38 / 22.03.2021
61356

Maktabda bolasini urgan asakalik o‘qituvchi voqeasi: direktor videoni tarqatish orqali undan qasd olmoqchi bo‘lganmi?

O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, bu holat Andijon viloyati Asaka tumanidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan, o‘quvchini urgan o‘qituvchi uning onasi bo‘lgan.

Asaka tuman xalq ta'limi bo‘limi voqea tumandagi 49-maktabda sodir bo‘lganini ma'lum qildi. XTB munosabatida maktabning musiqa fani o‘qituvchisi M.U. o‘z farzandini kaltaklagani aytilgan.

Kun.uz muxbiri o‘qituvchi M.U. bilan bog‘landi va ayrim jihatlarga oydinlik kiritdi.

Voqea shu yil 13 mart kuni sodir bo‘lgan. Maktabning musiqa fani o‘qituvchisi 1-sinfda o‘qiydigan farzandini tadbirga kirmasdan ketib qolgani va to‘polon qilgani uchun jazo tariqasida urganini ma'lum qildi.

O‘rganish davomida ayrim masalalar e'tiborni tortdi. Masalan, videotasvir direktorning xonasidagi kompyuterdan tushirib olinib tarqatilgani, tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan berilgan munosabatdagi chalkashliklar.

XTB o‘z munosabatida o‘qituvchining ism-familiyasi, tug‘ilgan yili, yashash joyi, qachon va nechanchi sonli buyruq bilan ishga olinganini ochiq yozgan. Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda ayol o‘qituvchi sha'niga turli haqoratlar yog‘ilishiga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, rasmiy munosabatda «M.U. ushbu maktabning 4-«b» sinfida tahsil oladigan farzandi I.M.ni kaltaklagani, o‘quvchi dars vaqtida so‘roqsiz uyiga ketib qolgani uchun sinf rahbari Sh.Ergasheva o‘quvchini surishtirib, u darsda ishtirok etmaganini onasiga aytgani, shundan keyin ona achchiq qilib o‘z farzandini urgani», – deya tushuntirilgan.

Aslida esa M.U. 1-sinfda o‘qiydigan farzandi M.M.ni jazolagan. Bundan tashqari, sinf rahbari Sh.Ergasheva hech kimga hech qanday ma'lumot tarqatmagani oydinlashdi.

M.U.ning ta'kidlashicha, mazkur video atayin internetga tarqatilgan bo‘lishi mumkin. Bunga sabab M.U. biroz muddat avval maktabdagi qing‘irliklar va direktorning faoliyatidagi noqonuniy harakatlar yuzasidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga murojaat qilgan. Shundan so‘ng, video voqea sodir bo‘lgandan 8 kun o‘tib, tarmoqlarga tarqatilgan.

49-maktab direktori Umidjon Mirzaxoliqov bilan ham suhbatlashdik.

Ta'lim maskani rahbari video tarqalishiga boshqa bir to‘garak rahbarini sababchi qilib ko‘rsatdi. Uning ta'kidlashicha, M.U. bundan avvalroq, 4-sinf o‘quvchisiga tanbeh bergan va bolaning ota-onasi M.U.ning ustidan shikoyat bilan kelgan. Ota-ona videokameralardagi yozuvni ko‘rsatishni so‘rashgan va ular M.U. farzandini urayotgandagi holatni o‘zlariga ko‘chirib olishgan. Direktor bu holatdan bexabar bo‘lganiga urg‘u berdi.

Asaka tumanidagi 49-maktab direktori Umidjon Mirzaxoliqov

Direktor M.U. viloyat XTBga shikoyat yozganini tasdiqlab, ariza yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgani va tekshiruv xulosasi hali taqdim etilmaganini aytdi.

Shuningdek, U.Mirzaxoliqov shikoyat qilib kelgan ota-ona M.U. ustidan prokuraturaga shikoyat qilganini ham aytib o‘tdi. Biroq M.U. bunday holat yuz bermagani va prokuraturadan chaqiruv olmaganini aytmoqda.

Xulosa qilish mumkinki, ushbu ta'lim muassasasida muhit buzilgan va bu ta'lim jarayoniga ham ta'sir qilishi mumkin. Shu bilan birga, o‘z farzandini kaltaklagan o‘qituvchi ayolning qilmishini oqlab bo‘lmasligini ham ta'kidlashni istardik.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.

Top