12:29 / 22.03.2021
8871

Pokiston 12ta davlat fuqarolariga mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ydi

Pokistonning fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 12ta davlat fuqarolariga mamlakatga kirishni to‘liq taqiqlab qo‘ydi. Bunga ushbu davlatlarda koronavirusga chalinish holatlari soni keskin ko‘payib ketgani sabab hisoblanadi

Jumladan, Pokistonga Botsvana, Braziliya, Kolumbiya, Komor orollari, Gana, Keniya, Mozambik, Peru, Ruanda, JAR, Tanzaniya va Zambiya fuqarolariga kirish taqiqlandi. Ushbu vaqtinchalik chora 23 martdan 5 aprelgacha amal qiladi.

Shuningdek, 20dan ortiq davlat, jumladan Xitoy, Yaponiya, Avstraliya fuqarolari Pokistonga uchishdan oldin koronavirusga test topshirishlari kerak. 

Pokiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 20 mart kuni mamlakatda joriy yildagi eng yuqori kunlik kasallanish darajasi qayd qilingan. Shifokorlar 3,8 mingdan ko‘proq yangi kasallanish holatini aniqlashgan.  

20 martda, shuningdek, Pokiston bosh vaziri Imron Xon va uning rafiqasi koronavirusga chalingani ma'lum qilingandi. Bu bosh vazir koronavirusga qarshi Xitoy vaksinasi bilan emlangandan 2 kun o‘tib yuz bergan. Ayni vaqtda Xon o‘z uyida qolmoqda.    

Top