21:22 / 22.03.2021
6596

Putin 23 mart kuni koronavirusga qarshi emlanishini ma'lum qildi 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 23 mart kuni koronavirusga qarshi emlanishini ma'lum qildi. Biroq Putin qaysi vaksina bilan emlanmoqchiligiga aniqlik kiritmagan. 

Foto: Aleksey Drujinin / Press-slujba prezidenta RF

Rossiya prezidentining ta'kidlashicha, mamlakatda emlash sur'atlarini oshirish lozim: pandemiya ortida kiritilgan cheklovlarning bekor qilinishi aynan shunga bog‘liq bo‘ladi.

“Emlash bu har bir kishining ixtiyoriy tanlovi, shaxsiy qaroridir. Darvoqe, men o‘zim buni ertaga amalga oshirmoqchiman”, deb aytgan Putin vaksina ishlab chiqarish va emlash sur'atlarini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda.

Putin qaysi vaksina bilan emlanmoqchiligiga aniqlik kiritmagan. Biroq u Rossiyada ishlab chiqilgan vaksinalarning xavfsiz ekanini ta'kidlab o‘tgan. “Birorta xorijiy vosita bunday yuqori darajadagi himoyani namoyish qilmayapti”, deb aytgan Rossiya yetakchisi. Keyinroq Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezident Rossiya vaksinalaridan biri bilan emlanishini ma'lum qilgan.

Putinning ta'kidlashicha, Rossiyada 6,3 mln kishi vaksinaning birinchi dozasini, 4,3 mln kishi esa ikkala dozasini olgan. Shu tariqa, Rossiyada emlanganlar ulushi 4,4 foizni tashkil qilmoqda.

Rossiyada ayni kunda uchta vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan: Gamaleya markazining “Sputnik V”, “Vektor” markazining “EpiVakKorona” va Chumakov markazining “KoviVak” vaksinalari. 

Top