18:46 / 23.03.2021
15250

Inha universiteti karantinga yopildi. Talabalardan birida virus aniqlangan

Toshkent shahridagi Inha universiteti 23 martdan ikki hafta muddatga onlayn ta'limga o‘tdi. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati universitetdagi manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, universitet talabalaridan birida koronavirus aniqlangan.

Universitet matbuot xizmati ham bu xabarni tasdiqlagan. Rasmiy xabarda ma'lum qilinishicha, universitetning ikkala binosi, jumladan, sinf xonalari, laboratoriyalar, kutubxona, oshxonalar, yo‘laklar, zallar, zinapoyalar, liftlar va boshqa joylar to‘liq dezinfeksiya qilingan.

O‘zbekistonda mart oyi o‘rtalarida epidemiologik vaziyat yomonlasha boshladi. Toshkent shahrida virus chiqqan maktab va bog‘chalar yopilgan. 

Bundan avvalroq, Toshkentning Olmazor tumani hududidagi talabalar shaharchasida joylashgan yotoqxonalardan birida talabalar orasida, shuningdek, Andijon davlat universitetining 6 nafar xodimida koronavirus aniqlangani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.

SSV ma'lumotiga ko‘ra, 22 mart kuni O‘zbekistonning 7 hududida jami 113 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan (Toshkent shahrida 96 holat) va jami holatlar soni 81 ming 559tani tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 988 nafar bemor davolanmoqda, shundan 141 nafari og‘ir, 23 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top